Samarqandda sun’iy intellektni rivojlantirishda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama etilmoqda

Samarqand shahrida MDHga a’zo davlatlarning ekspert va mutaxassislari ishtirokida sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan forum o‘z ishini boshladi.

IT Park, Artificial Intelligence Journey (AIJ), Huawei, Yandex, DataVolt kompaniyalari ko‘magida o‘tkazilayotgan forumda Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan soha rahbarlari, yetakchi mutaxassislar, ekspertlar va IT kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.

Dastlab yurtimizda raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida videorolik namoyish etildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari jadal rivojlanib bormoqda. Raqamlashtirish va elektron hukumatni joriy etish borasida keyingi yillarda yuqori natijalarga erishildi. Ayni paytda 130 dan ortiq litsenziya va ruxsat berish bilan bog‘liq faoliyat raqamlashtirilgan. 730 dan ortiq elektron davlat xizmatlaridan 32 million marta foydalanilgan. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanuvchilar 10 million nafardan oshdi. Mamlakatimiz BMTning elektron hukumatni joriy  etish bo‘yicha indeksida 24 pog‘ona, sun’iy intellekt bo‘yicha 17 pog‘ona yuqoriladi. Butunjahon banki ro‘yxatida esa 43-o‘rinda qayd etilgan. 2030 yilga borib yurtimizda IT eksportini 5 milliard dollarga yetkazish va BMTning TOP-30 mamlakatlari qatoriga kirish maqsad qilingan.

Forum ochilishida Vazirlar Mahkamasining sun’iy intellektni rivojlantirish va raqamli texologiyalar departamenti rahbari Z.Mutalov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining 2024 yil 14 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining shu yil 10 iyuldagi “2025-2026 yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– Jahonda raqamli transformatsiya jarayonlari jadal sur’atlarda rivojlanib, iqtisodiyot, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda, – dedi Z.Mutalov. – Zamonaviy dunyoda sun’iy intellekt nafaqat taraqqiyotning bosh omili, balki davlatlarning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlovchi asosiy vositalardan biriga aylanib bormoqda.Shu nuqtai nazardan, sun’iy intellektni rivojlantirish, uni milliy soha va tarmoqlarda joriy etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda global tendensiyalarga hamohang harakat qilish har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Forumning birinchi sessiyasi “Sun’iy intellekt sohasidagi milliy strategiyalar va tashabbuslar: MDH davlatlari tajribasi va kelajak ustuvor yo‘nalishlari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Rossiya Federatsiyasining Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Borisenko, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi qoshidagi boshqaruv tizimlari instituti bosh direktori Ali Abbasov, “Yandeks” kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha direktori Aleksandr Kraynov qatnashdi.

Sessiyada sun’iy intellekt bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda muvaffaqiyatli tajribalar, hozirgi natijalar hamda raqamli transformatsiya doirasidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

– Mazkur tadbir Rossiya va MDH davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish sohasida o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, – deydi Rossiya Federatsiyasining Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Borisenko. – Ustuvor yo‘nalishlar qatorida bojxona nazorati sohasida tasvirlarni tahlil qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yirik til modellarini boyitish, xususan, YandexGPT kabi modellarga o‘zbek tilidagi ko‘proq ma’lumotlar, jumladan, shevalar, atamalar, stilistik xususiyatlarni kiritish taklif etilmoqda.

Ikki kunlik forum davomida beshta sessiya o‘tkazilishi va ularda sun’iy intellekt sohasidagi dolzarb masalalar va yangi tendensiyalar, biznes uchrashuvlar, tajriba va innovatsion yechimlar almashinuvi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mazkur xalqaro forum MDH davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy siyosat va standartlarni muvofiqlashtirish, innovatsion yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va yangi ilmiy-texnik istiqbollarni belgilash uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.