Samarqandda test sinovlari o‘tkazildi. Nima uchun?
Samarqand davlat universitetida Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv kursining 2021 o‘quv yili 1-davrasi uchun o‘tkazilgan test jarayonida Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlari yoshlari ishtirok etdi.
- Shu paytga ushbu o‘quv kursiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari Toshkent shahrida o‘tkazilar edi, - deydi Davlat test markazi viloyat bo‘limi rahbari Vohid Sirliboyev. – Karantin cheklovlari sabab bu yil bu imtihon mamlakatimizning 4 hududida o‘tkazilishi belgilandi. Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan jarayonlarda 5 viloyatdan 155 nafar yosh qatnashishi kerak edi. Ularning 18 nafari turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmadi.
Mazkur test sinovlarida viloyatimizdan 37 nafar yosh ishtirok etdi.
Elyor Daverov.