Samarqandda turk restorani ochiladi

Samarqand shahrida faoliyat yuritadigan “Umar” qurilish kompaniyasi rahbari Umar Rajabov yangi yilni yangi rejalar, yangi loyihalar bilan boshladi. U turkiyalik hamkorlari bilan bir necha loyihani amalga oshirmoqchi.

Jumladan, “Serhatlilar Samarqand Lift” qo‘shma korxonasini tashkil etib, Turkiyada mashhur bo‘lgan zamonaviy liftlarni ishlab chiqarish niyatida.

– Biz standandart liftlardan tashqari yosh bolalar va nogironlar uchun mo‘ljallangan liftlar ham ishlab chiqaramiz, – deydi Turkiyadan kelgan ishbilarmon Ferhat Chifchi. – Liftlarimizning ko‘rinishi juda jozibali va ko‘rgan ko‘zni quvontiradigan bo‘ladi. Ular odatdagi liftlardan tez ko‘tarilishi bilan ham farq qiladi.

Qurilish kompaniyasi turkiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda ochayotgan ikkinchi qo‘shma korxona “Samarqand Istambul Do‘stlik” deb nomlangan bo‘lib, viloyatimizda sement va asfalt zavodlari, Turkiyada mashhur bo‘lgan «Aqlli uylar» va zamonaviy turk mehmonxonasi, shuningdek, bir necha arzon mehmonxona – xostellarni qurishni rejalashtirgan. Bu qo‘shma korxona quradigan muassasalardan yana biri turk tibbiy klinikasidir.

– Biz o‘zbekistondagilarning ko‘pchiligi Turkiyaga borib davolanayotganini bilamiz, – deydi qo‘shma korxona tashkilotchisi Seljuk Erzi. – Ammo qardoshlarimizning hammasi ham Turkiyaga borib, davolanib kelolmaydi. Shu sababli Samarqandda klinika tashkil etib, yurtimizdan malakali mutaxassislarni bu yerga olib kelamiz.

Yana bir yangilik. Turkiyada «Turku bar» degan kafelar bor. Shirinliklar bilan qahva yoki choy ichib, hordiq chiqarasiz. Har bir kafeda taniqli ijrochilar navbati bilan o‘z qo‘shiqlarini kuylashadi. Turk hamkorlar Samarqandda ham ana shunday restoran ochishmoqchi. Unda milliy mumtoz kuy-qo‘shiqlarimiz jonli tarzda ijro qilinib, tashrif buyuruvchilar yengil taomlar bilan ovqatlanish barobarida maqom qo‘shiqlaridan ham bahramand bo‘lishadi.

Ha, aytgancha, Samarqandda amalga oshiradigan bunyodkorlik ishlariga asosiy sarmoya turk ishbilarmonlari tomonidan kiritiladi, qurilish ishlarini esa, “Umar” qurilish kompaniyasi amalga oshiradi.

Karimberdi To‘ramurod.