“Zafar” restoranida panduslar yo‘qmi?

Qashqadaryolik  B.Safarova oila a’zolari bilan Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan “Zafar” restoranida tushlik qilarkan, bu yerning narx-navosi uning hisob-kitoblariga to‘g‘ri kelmaganidan ranjidi. Xizmatchilarning e’tiborsizligi, noqulay o‘ringa o‘tirib qolgani (issiqni qaytarish maqsadida vaqti-vaqti bilan yuqoridan suv sepib turilishi) dard ustiga chipqon bo‘ldi. I guruh nogironi bo‘lgan qahramonimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ishonch telefoniga murojaat qilib, mazkur restoranda nogironlar uchun maxsus yo‘lakcha – panduslar yo‘qligi, oziq-ovqatlar narxi  qimmatligi, restoran hududidagi favvoralar va musiqa pullik ekanligi hamda  nogironlar uchun chegirmalar yo‘qligidan noroziligini bildirgan.

Mazkur murojaat Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari  birlashmasi mutasaddilari tomonidan “Zafar” MChJ direktori F.Qodirov  hamda iste’molchi hamkorligida o‘rganildi.

F.Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, restoranda kunduz kunlari musiqa qo‘yilmaydi, favvoralar va maxsus salqinlatish moslamasi uchun mijozlardan to‘lov talab etilmaydi. Shuningdek, mahsulot va xizmatlar bozor narxlaridan kelib chiqqan holda belgilangan.

Restoranga kirish qismidagi noqulaylik bartaraf etilib, nogironlar uchun maxsus yo‘lakcha – pandus o‘rnatiladigan bo‘ldi.

P/S: Ayni kunda “Zafar” restoranining kirish qismida pandus qurib bitkazilganining guvohi bo‘ldik. 

Gulchehra Berdiyorova.