Oshxonalar va buyum bozorlari faoliyatini boshladi
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, joriy yilning 15 iyunidan "sariq" va "yashil" hududlardagi mavjud umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyatiga ruxsat berildi.
Ayni paytda Samarqand viloyatidagi 2 ming 99 ta umumiy ovqatlanish ob’yektlari o‘z faoliyatini quyidagi talablar asosida yo‘lga qo‘ymoqda:
- banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
- faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish;
- stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash;
- bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
- xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
- har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash.
***
Shuningdek, viloyatning "sariq" va "yashil" hududlaridagi 15 ta buyum bozori ham faoliyatini boshladi.
Bunda buyum bozorlari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylari pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion tunnel va “to‘shak”lar bilan jihozlanishi, sotuvchilar va xaridorlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°S va undan yuqori va infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda buyum bozorlari hududiga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.