Samarqandda Turkmaniston kinolari namoyish etilmoqda

Prezidentimizning 2017 yil 28 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmaniston Respublikasiga davlat tashrifi mobaynida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi farmoyishi, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar sohalardagi rejalarga asosan tashkil etilgan mazkur tadbir ikki kun davom etadi.

Turkmanistonlik kinoijodkorlardan iborat delegatsiya a’zolari dastlab Samarqand shahridagi qadimiy qadamjolar va diqqatga sazovor joylarda bo‘lishdi.

– Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda, – deydi Turkmaniston televideniye, radioeshittirish va kinematografiya davlat qo‘mitasining kino ishlab chiqarish bosh koordinatori, kino va teatr aktyori T.Olloyarov. – O‘zbek-turkman xalqlari o‘zaro asriy urf-odatlari hamda orzu-umidlarining mushtarak ekani bilan ham bir-biriga juda yaqin. Kelgusida qadriyatlarimiz va odatlarimiz umumlashgan kinolarni hamkorlikda tayyorlash niyatimiz bor.  

Tadbir doirasida “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasi Samarqand viloyat filialida turkman kinoijodkorlari tomonidan tayyorlangan turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli hayotiga oid “Maxtumquli” nomli badiiy filmi namoyish etildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.