Samarqandda uch oyda 3623 ta hovli, 717 ta ulgurji iste’molchilarning qozonxonalariga energiya tejovchi yondirgichlar o‘rnatildi

Energiya tejovchi gaz uskunalari tabiiy gazdan oqilona foydalanishda juda muhim. Tejamkorlik oila byudjetiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldi olinadi.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlar foydalanilgan tabiiy gazni taxminan 20-25 foizga iqtisod qilish orqali oila byudjetini ortiqcha xarajatdan xalos etadi.

Muhimi, u xavfsiz bo‘lib, bosim pasayib ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganda, avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatadi va iste’molchi yoqqandagina qayta yonadi. Zamonaviy energiya tejovchi yondirgichlar qish oylarida kun davomida qozonxonalari doimiy yonib turadigan fuqarolarning xotirjam ishga borib kelishi, kechalari bamaylixotir uxlashi uchun eng kerakli uskuna hisoblanib, gazdan xavfsiz foydalanish imkonini beradi.

Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (ma’nan eskirgan, qo‘lbola) yondirgichlar (gorelkalar) zamonaviy issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi gaz yondirgichlariga almashtirilayotganligi xavfsizlik nuqtai-nazaridan ham ahamiyatli.

Samarqand viloyatida jami tabiiy gaz yetkazib berilayotgan xonadonlar soni 290 mingga yaqin bo‘lib, 2021 yil yanvar-mart oylarida viloyat bo‘yicha 3623 ta hovli uylari, 717 ta ulgurji iste’molchilarning qozonxonalariga zamonaviy xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan energiya tejovchi yondirgichlar o‘rnatildi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.