Samarqandda uch oyda “temir daftar”dagi 7,9 ming fuqaro ishli bo‘ladi
Koronavirus pandemiyasi oqibatida vaqtincha iqtisodiy faoliyatini yo‘qotgan 4424 ta korxona mavjud. Bu savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 2578 tani va sanoatda 962 tani tashkil etadi.
Viloyatda 2018-2020 yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida bank kreditlari hisobidan moliyalashtirilgan 28 ta 485,9 milliard so‘mlik loyihalar ishga tushirilmagan. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 4852 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilgan, shu vaqtda viloyatda aholi bandligini ta’minlash uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining jamg‘armalari hisobidan jami 30 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Joriy yil 1 avgustgacha viloyatda “temir daftar”ga kiritilgan 47,8 ming oiladagi 53 ming ishsizning bandligi ta’minlangan, Qurbon hayiti arafasida respublika byudjetidan ajratilgan 10 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 10 mingta oilaga moddiy yordam pullari berilgan.
Prezidentimizning 2020 yil 30 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan tibbiy yordam brigadalarining 5069 xodimiga 20,5 milliard so‘m bir martalik mukofot pullari to‘lanadi. Avgust-oktyabr oylarida “temir daftar”dagi 7,9 ming nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning bandligi ta’minlanadi.