“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlariga birinchi o‘quv yili uchun kontrakt puli to‘lab beriladi
“Temir daftar”ga kam ta’minlangan oila deb e’tirof etilgan, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalar, kam ta’minlangan yakka-yolg‘izlar va keksalar, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar, ko‘p (4 va undan ortiq) farzandli moddiy ko‘makka muhtoj oilalar, mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari mavjud ehtiyojmand oilalar, tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalar, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zi yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar kiritiladi.
Bunda agar yuqoridagi toifalarga mos keladigan oilalarning a’zolari mos ravishda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga ham kiritilgan bo‘lsa, ushbu oilalar ro‘yxati “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ham yuritiladi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar quyidagi sabablar bilangina mazkur daftardan chiqarilishi mumkin:
➖ bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda;
➖bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish orqali muammosi hal etilganda oila a’zosining roziligi bilan;
➖malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
➖to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
➖aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
➖yolg‘iz yashaydigan ehtiyojmand fuqaro ozodlikdan mahrum etilganda yoki vafot etganda;
➖oila a’zosining murojaatiga asosan;
➖“Temir daftar”ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
➖boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun chiqib ketganda.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlariga birinchi o‘quv yili uchun kontrakt puli to‘lab beriladi.
“Temir daftar”ga ikki va undan ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan oilalarning barcha masalalari to‘liq hal etilishi daftardan chiqarish uchun asos bo‘ladi.