Samarqandda bugungacha “Temir daftar”dagi oilalarning mehnatga layoqatli 66 ming 629 nafar a’zosi bandligi ta’minlandi. Qanday qilib?

Bu shu maqsadda olib borilgan tadbir, imkoniyatlar, belgilangan loyihalar natijasida amalga oshdi. Jumladan, 444 kishi oilaviy tadbirkorlikka, ularning 154 nafari hunarmandchilikka jalb etildi. 4 971 kishi jamoat ishlariga olindi, 6 188 nafar fuqaro sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida ishga tushirilgan yoki faoliyati kengaytirilgan korxonalarga joylashtirildi.

Uy-joy va investitsiya dasturi bo‘yicha qurilayotgan ob’yektlarda 1530 kishining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 7 771 nafar ishsizlarga yer ajratib berildi. O‘zini o‘zi band qilgan “Temir daftar”dagi fuqarolar soni 42 ming 14 nafarni tashkil qildi.

Bundan tashqari, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 52 ming 48 oilaga 41,8 milliard so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 31 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 111,6 million so‘mlik dori-darmonlar yetkazib berildi. Naqd pul shaklida 1,4 milliard so‘mlik moddiy yordam, 2,4 milliard so‘mlik chorva mollari va parrandalar berildi. Shuningdek, 6,9 milliard so‘mlik boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi.

Eng muhimi, joriy yilda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi mehnatga layoqatli, ammo ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, o‘zini o‘zi band qilish va qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish maqsadida 10 ming 464 fuqaroga 20,6 milliard so‘mlik asbob-uskunalar tarqatildi.

“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”dagi oilalarning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan 72 nafar farzandlarining 279,3 million so‘mlik kontrakt pullari to‘lab berildi.

Bu kabi amaliy ishlar natijasida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarining qarorlari bilan 64 ming 764 nafar bandligi ta’minlangan a’zolari bo‘lgan 47 ming 35 ta oila “Temir daftar”dan chiqarildi.

Mazkur ro‘yxatda 1 iyul holatiga 19 ming 610 nafar oila a’zosi va 2 ming 736 nafar mehnatga layoqatli ishsizlari bo‘lgan 5 ming 13 ta oila qolmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 17-18 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida “Mahallabay” ishlashda Andijon viloyati tajribasi asosida ishlarni tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Shu asosda shahar va tumanlar sektor rahbarlari tomonidan 197 ta sharoiti og‘ir mahallalar (jami mahallalarning 20-25 foizgacha) ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu mahallalarda aholi ko‘nikma va tajribasidan kelib chiqib, belgilab olingan “o‘sish nuqtasi” bo‘yicha 2-3 ta lider tadbirkorlar tanlab olinmoqda.

Har bir mahallada doimiy daromadga ega bo‘lmagan oilalar va ulardagi mehnatga layoqatli ishsizlar “lider” tadbirkorlarga biriktirilib, bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Jamshid O‘roqov,

viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.