Tandir "temir daftar"dan chiqishga yordam berdi(mi?)
O‘z okrugidagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, "temir", "ayollar" va "yoshlar" daftarlaridagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida mahalliy byudjetdan viloyat Kengashi deputatlarining har biriga 50 million so‘mdan pul ajratilgandi.
Samarqand tumanidan viloyat Kengashi deputatligiga saylangan S.Mirsaidova ham ushbu mablag‘ hisobidan o‘z okrugidagi 16 oilaga moddiy ko‘mak ko‘rsatdi. Jumladan, 6 ta tikuv mashinasi, 3 ta motokultivator, pishiriq pechi, gaz plitasi olib berildi. Shuningdek, ikki oilaning uy-joyini ta’mirlash uchun yordam berildi, bir oilaning hovlisida issiqxona qurildi.
Tumanning Qavchinon mahallasida yashovchi M.Nasimov esa deputatga murojaat qilib, uyida novvoylik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratishda yordam so‘radi.
- "Temir daftar"da ro‘yxatda turadigan bu fuqaroga homiylarni jalb qilib, tandir va 300 kilogramm oliy navli un olib berdik, - deydi 48-Dashtak saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati S.Mirsaidova. - Natijada bu oila patir pishirib sotishni yo‘lga qo‘ydi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Xonadonni otaliqqa oldik, bundan buyon ham ular o‘z tadbirkorlik faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olgunicha ularga yordam berib turamiz.