Kambag‘allarga, avvalo, daromad manbai yaratiladi. Xo‘sh, qaysi manba va imkoniyatlar evaziga?
Viloyatda 52 ming 48 oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Mazkur oilalarning 231 ming 767 nafar a’zosi bor va ulardan 67 ming 500 nafari mehnatga layoqatli bo‘lsa-da, ish bilan ta’minlanmagan.
Aslida, 2020 yil aprel oyida “Temir daftar”ga 47 770 oila kiritilgan edi. Joylarda aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijasida 4 278 oila qo‘shimcha ro‘yxatga olindi.
“Temir daftar”ga kiritilgan 4 651 oila boquvchisini yo‘qotgan, 7 190 tasi nogironligi bo‘lgan va 24 954 tasi ishsiz va doimiy daromadga ega bo‘lmagan oilalardir.
Shuningdek, ro‘yxatdagilarning 2 ming 368 tasi ko‘p bolali, 1 ming 704 tasi xorijga ketib, oilasiga daromad keltirmayotgan, 6 903 tasi boshqa har xil ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli bo‘yicha kambag‘alligi aniqlangan oilalar hisoblanadi.
Har bir mahallaning “o‘sish nuqta”si bor
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilishi bilan birga bu yo‘nalishda yangi tizimlar ham joriy etilmoqda.
Misol uchun, shahar va tumanlar sektorlarida iqtisodiy kompleks tashkilotlarining malakali rahbar va xodimlaridan iborat 64 ta “boshqaruv ofislari” hamda 1100 ta mahallaga tijorat banklarining mas’ul xodimlari “doimiy vakil” sifatida biriktirildi.
Prezidentimizning joriy yil 15-16 aprel kunlari viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga asosan tajriba sifatida Past Darg‘om, Bulung‘ur va Urgut tumanlarida “mahallabay” ishlash markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlarning har biri 9 ta shtat birligidan iborat bo‘lib, 1 nafar markaz rahbari, 4 nafar bo‘lim boshlig‘i va 4 nafar bo‘lim xodimlari tayinlandi. Har 3 ta mahallaga 1 nafardan inspektor biriktirildi. Endi ushbu markaz xodimlari va inspektorlari byudjetdan oylik oladi.
Mahallalarning tadbirkorlik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bevosita shahar va tumanlar hokimlarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari tizimiga o‘tkazildi.
Mahallalarda har bir oilaning ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli “Boshqaruv ofis”lar, doimiy vakillar va 3 ta hududda yangi tashkil etilgan markazlar tomonidan uyma-uy yurish orqali xatlovdan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, xatlov natijasida har bir mahallaning aholisi azaldan ko‘nikma va boy tajribaga ega bo‘lgan 33 ta ixtisoslashgan yo‘nalishlari yoki mahallalarning 1700 tadan ortiq “o‘sish nuqta” (drayver)lari aniqlandi.
Ishsiz fuqarolar bilan individual so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularning xohish-istaklari o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasi asosida aholi bandligini ta’minlash, har bir mahallani rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. “Yo‘l xaritalari” xalq deputatlari shahar va tuman kengashlarining sessiyalarida muhokama qilinib, tasdiqlandi.
Rejada nimalar ko‘zda tutilgan?
Ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari”ga asosan viloyat bo‘yicha 64 mingdan ortiq doimiy daromadga ega bo‘lmagan oilalar, shuningdek, 132 ming 145 nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Qayd etish lozimki, mazkur fuqarolarning 61 ming 852 nafari 18-30 yoshdagi yigit-qizlar, 32 ming 899 nafari 30 yoshdan katta xotin-qizlardir.
Ishsiz fuqarolarning 15 ming 155 nafarini kasb-hunarga hamda 5 ming 537 nafarini tadbirkorlikka o‘qitish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, “Yo‘l xaritalari”da har bir mahallaning ijtimoiy-infratuzilmasini yaxshilash, aholining kommunal xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish (ichki ko‘chalarni ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, tabiiy gaz va suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash) hamda maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalarini yangidan qurish va mavjudlarini ta’mirlash belgilangan.
Jamshid O‘roqov,
viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.