“Temir daftar”dagilarga yashil energiya tekin

Ma’lumotga ko‘ra, bugun mamlakatimizda 2-3 milliard kilovatt-soat qo‘shimcha elektr energiyasiga ehtiyoj bor. Kelgusi besh yilda bu ko‘rsatkich 3-4 barobarga oshishi kutilmoqda.

Bu esa oldimizga ayni sohadagi ishlarni to‘g‘ri rejalashtirish, xususan, tizimda zamon talablaridan kelib chiqib, qayta tiklanuvchi energiyaning ulushini yanada oshirish vazifasini qo‘yadi.

Prezidentimizning joriy yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ma’muriy-maishiy bino va inshootlarda qo‘llash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga doir biznes loyihalarning jozibadorligini oshirish singari muhim vazifalar qatorida “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar xonadonini ham mazkur qurilmalar bilan jihozlash tartibi va shartlari belgilandi.

Albatta, bungacha ham ehtiyojmand oilalarga quyosh panellari tarqatilayotgan edi. Shu yilning 10 iyun kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqqa binoan, bu tadbirlar “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgandi. Qaror bilan endi “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlari mahalliy byudjet hisobidan qoplanadigan bo‘ldi. Jumladan, hujjatda ehtiyojmand oilalar xonadoniga 2022 yilda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari va 2023 yilda mahalliy byudjet parametrlarida ushbu tadbirlar uchun nazarda tutiladigan mablag‘lar hisobidan quvvati 1 kVtgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi yoki hajmi 100 litrdan kam bo‘lmagan quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilishi ko‘rsatilgan. O‘tgan vaqtda viloyat hokimining mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli qarori qabul qilinib, manzilli ishlar boshlab yuborildi.

“Temir daftar”ga kiritilgan 556 ta xonadonga mazkur qurilmalar o‘rnatildi. Shundan 203 tasi 100 va 200 litr hajmli quyosh suv isitish qurilmasi bo‘lsa, 353 tasi quyosh fotoelektr stansiyalaridir. Ayni paytda xonadonlarda quyosh panellarini o‘rnatish davom etmoqda.

– Hokimlikdan odamlar kelib, uyimga quyosh panelini o‘rnatishlarini aytishganida ishonmagandim, - deydi Samarqand tumani Rustam mahallasida istiqomat qiluvchi Tuhfa Nasimova. – Mana, so‘zida turishdi. Bir oydan beri quyoshdan olinadigan elektrdan foydalanyapmiz. Qurilmalarni bepul berishgani mayli, endi elektrga ham pul to‘lamas ekanman. Oilam bundan juda xursand.

– Xonadonlarga o‘rnatilayotgan quyosh panellarining demontaj ishlarini ham o‘zimiz amalga oshiryapmiz, - deydi “Folara” xususiy korxonasi xodimi Karim Nurmatov. – Mazkur qurilmalarga 5 yil kafolat beriladi. Bu vaqt ichida unda biror nosozlik aniqlansa, bepul ta’mirlab yoki yangisiga almashtirib berishimiz mumkin. Ayni kunda nafaqat aholi xonadonlari, balki davlat va jamoat tashkilotlariga ham quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha qator shartnomalarimiz bor.

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, oktyabr oyi yakuni bo‘yicha viloyatdagi davlat tashkilotlari binosiga qiymati 11 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilgan. Xususan, viloyat, tuman va shahar hokimliklari binosida qiymati 3 milliard 249 million so‘mlik, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida 1 milliard 92 million so‘mlik, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida 475 million so‘mlik qiymatga ega stansiyalar ishlamoqda.

Asqar BAROTOV.