Samarqandda «Xalq ijodiyoti karvoni» tadbirlari o‘tkazildi
«Madaniyat karvoni» ijodiy loyihasi doirasida Madaniyat vazirligi tizimidagi havaskorlik jamoalari tomonidan viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida milliy qadriyatlar va urf-odatlarni targ‘ib etishga qaratilgan «Xalq ijodiyoti karvoni» konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi.
Viloyat musiqali drama teatrida soha xodimlari va taniqli san’atkorlar ishtirokida mazkur loyihaning yakuniga bag‘ishlangan "Folk Party" shou-konserti ham yuqori saviyada o‘tkazildi.
- Shu yilning noyabr oyida start berilgan mazkur loyihaning asosiy maqsadi milliy qadriyatlarimiz, madaniy merosimiz va urf-odatlarimizni targ‘ib qilishda hamda ularni asrab-avaylashga qaratilgan, - deydi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov. - Loyiha doirasida har haftada viloyatimizning ikkitadan tumanida aholi gavjum joylarda madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlarda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 20 ga yaqin folklor-etnografik jamoalar, raqs ansambllari hamda namunaviy bolalar guruhlari samarqandliklar uchun konsert dasturlarini namoyish qilishdi.