Samarqandda yilning ilk brifingi viloyat sudlari tomonidan o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan brifingda viloyat sudlari tomonidan 2019 yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida jurnalist va blogerlarga ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman va shahar sudlari tomonidan 2019 yil davomida 3 ming 750 nafar shaxsga nisbatan 3 ming 16 ta ishlar ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ko‘rilgan ishlar o‘tgan yilga nisbatan 966 ta yoki 24,2 foizga, shaxslar soni esa 1 ming 574 nafarga yoki 29,6 foizga kamaygan. Shulardan, 445 nafarini ayollar, 82 nafarini voyaga yetmaganlar, 145 nafarini esa 60 yoshdan oshgan shaxslar tashkil etgan.

O‘tgan yil mobaynida 1 ming 563 ta jinoyat ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

- Bu kabi brifing yoki matbuot anjumanlarini tez-tez o‘tkazib turish yaxshi natija beradi, - deydi jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev. - Sudlarning faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikni xabardor qilgan holda sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish, shu bilan birga, jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik tomonidan muayyan sud ishlarini noto‘g‘ri talqin qilish, yoritish va izohlashning oldi olinadi.

2019 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi birinchi instansiyasida 242 ta ishlari tamomlangan, shundan 175 ta da’vo qanoatlantirilgan, 33 ta da’vo rad etilgan, 22 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan va 12 tasi yuritishdan tugatilgan.

Nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari 2019 yil davomida 4 ming 804 tani tashkil qilib, 2018 yilga nisbatan 231 taga kamaygan. Ular bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan qarorlar 2 ming 956 tani tashkil qilib, oldingi yilga nisbatan 182 taga kamaygan.

Oilaviy kelishmovchilik sabab 2 ming 879 ta, moddiy jihatdan qiyinchilikka ko‘ra 464 ta, farzandsizlik tufayli 272 ta, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdan 160 ta, boshqa sabablarga ko‘ra 1 ming 643 ta nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilingan.

2019 yil davomida viloyat, tuman, shahar hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 17 ming 938 ta ishlar ko‘rib chiqilib, hal etilgan va da’vogarlar foydasiga 585 milliard 954 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan. Respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 13 milliard 865 million so‘m davlat boji undirilgan. Bundan tashqari, da’vogarlar tomonidan respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 1 milliard 683 million so‘m davlat boji ixtiyoriy to‘lanishiga erishilgan.

Shuningdek, viloyat, tuman, shahar ma’muriy sudlari tomonidan 2019 yil davomida ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 1 ming 643 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlangan. Shundan, 1 ming 27 tasi qanoatlantirilgan, 407 tasi rad qilingan, 160 tasi ish yuritishdan tugatilgan, 49 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan. Ishlarning 313 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan.

O‘tgan yil davomida viloyat, tuman va shahar ma’muriy sudlarida ma’muriy huquqbuzarliklarga doir 46 ming 688 nafar shaxsga nisbatan 37 ming 293 ta ishlar ko‘rib chiqilgan.

To‘lqin SIDDIQOV.

Husan ELTOYeV (foto).