Samarqandda yoshlar o‘rtasida “Charm to‘p” bellashuvi bo‘lib o‘tmoqda

Viloyatimizning barcha hududlarida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Charm to‘p” musobaqasi o‘tkazilmoqda.

Musobaqaning birinchi bosqichi iyul oyida mahallalararo bo‘lib o‘tdi. Bellashuvning ikkinchi tuman va shahar bosqichlari 10 avgustgacha davom etadi. 10 avgustdan 20 avgustgacha musobaqaning viloyat bosqichi va oy yakunida g‘olib bo‘lgan jamoa bellashuvning respublika bosqichida kuch sinashadi. 

Futbol musobaqasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 24 iyuldagi “Mahalla yoshlari o‘rtasida “Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Bundan maqsad yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportga jalb etish hamda chekka qishloqlarda yashovchi yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olishga qaratilgan.     

Musobaqaning birinchi kuni Samarqand shahar 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi futbol o‘yingohida Samarqand shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahardagi 9 ta mahalladan 150 nafardan ortiq yoshlar jamoalarga bo‘lingan holda o‘zaro maydonda to‘p surdi. Yakunda Xo‘ja Soat MFY penaltilar hisobiga Maqsud Shayxzoda MFY jamoasi ustidan 5/4 hisobda g‘alaba qozondi. Xo‘ja Soat mahallasi yosh futbolchilari musobaqaning viloyat bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Husan ELTOYeV.