Samarqandda yoshlar turizmi haftaligi boshlandi

Viloyatdagi o‘quvchi va talabalarning qishki ta’tildagi bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida bugun, 4 yanvardan boshlab turizm haftaligi doirasida muzeylar va tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etilishi belgilandi.

Sayohatlarga viloyatning barcha tuman va shaharlaridan, asosan nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan, fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yigit-qizlardan iborat 850 nafar yosh taklif etiladi.

 - Haftalikning ilk kunida Samarqand shahrida yashovchi bir guruh yoshlar sayohatga chiqdi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. - Ular dastlab Registon maydonida bo‘ldi. Yoshlarga bu yerdagi madrasalar, ularning qurilish tarixi haqida so‘zlab berildi. Shundan so‘ng yosh sayyohlar Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va shahardagi boshqa tarixiy obidalarni ziyorat qildi. "Buyuk Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazida joylashgan “Boqiy shahar” majmuasini ham ko‘zdan kechirdi. Har 15 nafar yoshga bir nafar o‘qituvchi yo‘lboshchilik qilyapti. Ularning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar bo‘limlari va tibbiyot xodimlari ham mas’ul qilib biriktirilgan. 

Haftalik 10 yanvarga qadar davom etadi. Yosh sayohatchilar uchun teatr va kinoteatrlarda tarixiy spektakllar va badiiy filmlar namoyish etilishi ham rejalashtirilgan. 

To‘lqin Siddiqov, 

Baxtiyor Mustanov (surat).