Samarqandda YuNESKO yangi Bosh direktori inaguratsiya marosimi o‘tkazildi
Samarqand shahrida davom etayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining bugungi majlislari davomida tashkilotga yangi saylangan Bosh direktor Xolid Ahmad al-Ananiyning inaguratsiya marosimi o‘tkazildi.
Shu yilning 6 oktyabr kuni o‘tkazlgan YuNESKO Ijroiya qo‘mitasining 222-sessiyasida Bosh direktorlikka ovoz berishda misrlik taniqli olim, siyosiy arbob Xolid Ahmad al-Ananiy eng ko‘p ovoz olgan edi. 6 noyabr kuni esa Bosh konferensiyasi 43-sessiya doirasida uning nomzodi tashkilotga a’zo davlatlar vakillari tomonidan ham ma’qullandi va Ahmad al-Ananiy YuNESKOning Bosh direktori etib saylandi. U YuNESKOning 12-bosh direktori, arab millatiga mansub ilk rahbari sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
Marosimda Xolid Ahmad al-Ananiy tantanali qasamyod qildi va tashkilot rahbari sifatida amalga oshiradigan ishlari, YuNESKO maqsad va an’analaridan kelib chiqib, oldiga qo‘ygan rejalari haqida so‘z yuritdi.
– Avvalo, mening nomzodimni qo‘llab-quvvatlagan barcha davlatlar vakillariga minnatdorlik bildiraman va ushbu tarixiy marosim qadimiy va boqiy Samarqandda o‘tayotganidan xursandman, – dedi YuNESKO Bosh direktori Ahmad al-Ananiy. – YuNESKOning Samarqand mezbonligidagi 43-sessiyasi juda yuqori saviyada tashkil etilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga ham minnatdorlik bildiraman. YuNESKO insonlar uchun tashkil etilgan va ularning manfaatlariga xizmat qiladigan tashkilot, bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi, albatta. Men tashkilot rahbarligiga saylov kampaniyasi davrida 65 davlatda bo‘ldim, tashkilotimiz maqsadlaridan kelib chiqib, ularning siyosati bilan tanishdim va o‘z g‘oyalarimni bildirdim. Endi rahbar sifatida yana boshqa davlatlar bilan ham yaqindan tanishib chiqaman. Men ishonaman, biz birgalikda ishlab YuNESKOning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada oshiramiz, tashkilotga a’zo davlatlar hayotida o‘z o‘rnimizni yanada mustahkamlaymiz. YuNESKOning missiyasini men professor sifatida ta’lim, odamlarga imkoniyat berish, misrshunos olim sifatida ajdodlarimiz hayoti, merosini o‘rganish, muzey direktori va gid sifatida madaniyatning haqiy ma’nosini odamlarga anglatish, siyosatchi sifatida qiyin va murakkab vaziyatlarda dunyo xalqlari manfaatlariga birdek xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilishda deb his qilyapman. Biz qat’iyat, ishonch va umumiy mehnat orqali o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlar sari harakat qilamiz.
Tadbirda Bosh konferensiya 43-sessiyasi raisi Xondker Muhammad Talxa, tashkilot Bosh direktori o‘rinbosari, kotibiyat rahbari va davlatlar vakillari Ahmad al-Ananiyni tabriklab, uning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, YuNESKO Bosh direktori Ahmad al-Ananiyni tabrikladi va O‘zbekiston rahbariyati uning tashkilot rahbari sifatidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.