Samarqandda yuqumli kasalliklarning oldini olish, davolash, nazorat qilish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga uyushtirilgan press-turda shu savollarga javob izlandi.

Boshqarma boshlig‘i Latif Rustamovning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2022 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda uning qoshidagi barcha muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamkorligida loyiha imzolangan. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 200 million AQSh dollari bo‘lib, UNOPS tashkiloti tomonidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tasarrufidagi tuman (shahar) bo‘limlari laboratoriyalariga zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilingan.

- Muassasamiz 350 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, nafaqat viloyatimiz, balki qo‘shni viloyatlar aholisi uchun ham xizmat qilmoqda, - deydi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Abdusodiq Boymurzayev. – Avvallari shifoxonamizda 50 turdagi laboratoriya tahlillari olinar edi. Bugungi kunda ularning soni bir baravarga oshdi. Jumladan, o‘tgan yilda laboratoriyalarimizga 10 turdagi zamonaviy apparaturalar keltirildi. Natijada yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, bemorga vaqtida tashxis qo‘yish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshdi. Masalan, birgina rentgen apparatida o‘pka va ko‘krak qafasini tekshirish uchun uch daqiqa kifoya. Shuningdek, bu uskunaga bemorning yoshi va ma’lumotlari to‘g‘ri kiritilsagina aniq tashxis qo‘yib beradi. Bundan tashqari, laboratoriyalarimizda oftalmologik, gemotologik, virusli gepatit va boshqa turdagi parazitar kasalliklarni inson omilisiz aniqlaydigan apparaturalar ham fuqarolarga xizmat qilmoqda.

Fazliddin Ro‘ziboyev.