Samarqandda zamonaviy operatsiyalar soni avvalgi yildan uch baravarga oshdi
Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan yangilik va o‘zgarishlar aholining salomatligini sifatli davolash, ularning og‘irini yengil qilishga qaratilgan. Bu esa odamlarning davlatga, jamiyatga nisbatan ishonchini ham oshirishga xizmat qiladi.
- Bugun tizimdagi yirik islohotlar biz, tibbiyot xodimlarining o‘tgan o‘n yilliklar davomidagi qator rejalarimiz va niyatlarimizning ham ro‘yobiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. - Birgina ushbu raqamga e’tibor qarating: 2024 yilda yuqori texnologik amaliyotlar 995 tadan 3462 taga, operasiyalar turi esa 151 dan 181 ga, operativ faollik 62 foizdan 67,6 foizga oshishiga erishildi. Bu uzoq yillar davomida qog‘ozlardagi taklif va tashabbuslarning amaldagi in’ikosidir.
Shu o‘rinda birgina o‘tgan yil tizimda amalga oshirilgan ishlarni raqamlarda ifodalab o‘tsak. Tibbiyotning muhim, birlamchi bo‘g‘inida bitta oilaviy poliklinika, 4 ta oilaviy shifokorlik punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, ikkita mahalla tibbiyot punkti va 2020 ta mahalla tibbiyot brigadalari tashkil etilib, “xonadonbay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, viloyatda mavjud oilaviy poliklinikalarning 43 tasiga UZI va EKG apparatlari o‘rnatildi, 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Uchta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 3 ta oilaviy poliklinika, 16 ta oilaviy shifokorlik punktlari to‘liq ta’mirlandi va 15 turdagi asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tizimi bo‘yicha aytib o‘tadigan bo‘lsak, 2024 yil davomida viloyat tibbiyot muassasalarida 5899 ta yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi. Shundan 3800 nafar chet el fuqarolariga xizmat ko‘rsatildi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 1 milliard 450 million so‘mlik elektron mikroskop o‘rnatilib, 35 nafar fuqaroning eshitish xususiyati tiklanishi va bu orqali nogironlik kamayishiga erishildi.
Shuningdek, onkologiya yo‘nalishida 27 turdagi ilgari bajarilmagan 5645 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Saratonni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida o‘tgan yil davomida mobil mammograf uskunasi yordamida 45-65 yoshdagi 2188 nafar ayollarda tekshiruvlar o‘tkazilib, 29 holatda ko‘krak bezi saratoni erta bosqichda aniqlandi. Bundan tashqari, uch nafar bemorda autologik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantasiyasi, 7 nafar bemorda jigar transplantasiyasi va 98 nafarida buyrak transplantasiyasi operasiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
2025 yilda tibbiyot tizimidagi o‘zgarish va yangiliklar davom etadi, jumladan, 16 ta birlamchi tizim muassasalari tegishli shtat birliklarini ajratgan holda faoliyati qayta tiklanadi. Ya’ni, 5 ta oilaviy poliklinika va 11 ta oilaviy shifokorlik punktlari ochilishi rejalashtirilgan.
Ixtisoslashgan 16 ta markazda 10 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy etish belgilangan. Qolaversa, 120 nafar shifokorni chet el klinikalarida o‘qitish, 100 o‘rinli bolalar tibbiy reabilitatsiya bo‘limi tashkil etish, bolalarda buyrak va koxlear, “suyak iligi” transplantatsiyasi amaliyotlarini joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti.
Shuningdek, jigar va bachadon xavfli o‘smalarida intervension radiologik jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ekstrakorporal urug‘lanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 400 nafar fuqaroda bepul endoprotezlash amaliyotlari bajarish hamda 108 469 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning 6920 nafari (6.3 foizi) to‘liq va qisman reabilitatsiya bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Yaponiyaning “Sojitz Corporation” va Turkiyaning “RNS PPP Sosyal Altyapi API A.S.” korporatsiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri kapitali evaziga Samarqand shahrida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika tashkil etish rejalashtirilgan. To‘rtta tuman markaziy shifoxonasida xususiy tadbirkorlar hamkorligida 13,5 milliard so‘mlik davlat xususiy sheriklik yoki autsorsing asosidagi zamonaviy diagnostika markazlarini tashkil etish ishlari maqsad qilingan.