Samarqanddagi 167 kollej o‘rnida tashkil etilgan 74 ta professional ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar qanday olib borilyapti?

Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 sentyabrda qabul qilingan “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

– Keyingi yillarda yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar, o‘zgarishlar o‘rta-maxsus ta’lim sohasida ham o‘z aksini topdi, – dedi Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimov. – Ta’limning ushbu bo‘g‘inida o‘quv jarayoni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan dasturlar asosida tashkil etiladigan uch toifadagi ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatimizda ham shu paytgacha faoliyat ko‘rsatgan 167 ta kasb-hunar kolleji o‘rnida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, 74 ta ta’lim muassasasi, ya’ni 37 ta kasb-hunar maktabi, 15 kollej va 22 ta texnikum ish boshladi.

Bu yil viloyatdagi 37 kasb-hunar maktabiga 634 ta korxona va tashkilotlarning buyurtmalari asosida 48 ta kasb bo‘yicha 8398 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktablarga avvalo, kam ta’minlangan oilalar farzandlari qabul qilinib, ularda tadbirkorlikka, pirovard natijada daromad olishga yo‘naltiruvchi bilim, malaka va ko‘nikmalar hamda kompetensiyalar shakllantiriladi.

Kollejlarda esa ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 4-darajasiga mos keluvchi, kasblarning murakkablik darajasidan kelib chiqib, 2 yilgacha bo‘lgan muddat davomida o‘qitishga mo‘ljallangan ta’lim dasturlari asosida o‘rta professional ta’lim mutaxassislari tayyorlanadi.

Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tasarrufida faoliyat ko‘rsatadigan va shu sohadagi aniq ish o‘rni uchun mutaxassislar tayyorlaydigan ushbu kollejlarga maktablarning 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi.

Kollejlarda Germaniya tajribasida yaxshi samara bergan “dual” ta’lim dasturlari joriy etiladi. Ya’ni, o‘quvchilar haftaning ma’lum kunlarida kollejda nazariy bilim oladi, boshqa kunlari korxonaning o‘zida biriktirilgan usta rahbarligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelajakda ishlaydigan ish o‘rnida amaliyot o‘taydi.

Uchinchi toifa – texnikumlarda ta’limning xalqaro standart tasniflagichi 5-darajasiga mos keluvchi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan, kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida 2 yildan kam bo‘lmagan muddatga mo‘ljallangan ta’lim dasturlari asosida maktabning 11-sinfini tugatgan yoshlar o‘qitiladi. Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.

2020/2021 o‘quv yili uchun 20 noyabrdan 30 noyabrga qadar viloyatdagi 13 kollej va 8 texnikumda saralash test sinovlari o‘tkazildi. 2 ta kollej va 12 ta texnikumda esa yozma imtihon shaklida kasbiy imtihonlar tashkil etildi. Saralash test va yozma imtihonlar natijalariga ko‘ra 14695 nafar o‘quvchilar qabul qilindi.

Press-tur qatnashchilari Samarqand shahar kasb-hunar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 7 yo‘nalish bo‘yicha 220 nafardan ortiq o‘quvchi kasb-hunar o‘rganayotgan muassasadagi o‘quv-ishlab chiqarish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Maktabimizda umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan yigit-qizlar bugungi kunda ehtiyoj yuqori bo‘lgan tikuvchilik, sartaroshlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash, kompyuter dizayneri, chilangarlik kabi kasblar bo‘yicha o‘qitilmoqda, – deydi Samarqand shahar kasb-hunar maktabi direktori Shuhrat Tolibov. – Bu yo‘nalishlar bo‘yicha hech kim majburan olib kelinib o‘qitilmayapti. Hamma o‘z xohishi, kelajakda tanlagan yo‘liga qarab kasb o‘rganyapti. Masalan, maktabimiz joylashgan hududda temirchilik yaxshi rivojlangan. Ota-onalar farzandlarini olib kelib, shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qitib berishni so‘raydi. Yoki shu yaqin atrofda bir necha trikotaj fabrikalari borligi uchun qizlarimiz tikuvchik yo‘nalishini tanlab, shu hunarni puxta o‘rganyapti. Ikki yil davomida o‘qib, kasb bo‘yicha mutaxassis bo‘lganidan so‘ng ular shu sohada mehnat faoliyatini olib boradi.

Press-tur davomida kelgusi yillarda ta’limning mazkur bo‘g‘inida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.