Samarqanddagi "AZIA METALL PROF" MChJ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 3 million 300 ming dollar investitsiya kiritdi
Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan "AZIA METALL PROF" MChJda metall quvurlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 3 million 300 ming dollar investitsiya kiritildi. Loyihani amalga oshirish uchun 1 million 850 ming AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilindi.
– Korxonamizda ikkita sex faoliyat yuritmoqda, – deydi korxona rahbari Xushvaqt Zayniyev. – Xitoyning "Urumqi Tongyale International Trade Co., Ltd" kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumiga muvofiq, o‘tgan yili metall quvurlar va sendvich panellar ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirdik. Metall quvur ishlab chiqarish sexining yillik quvvati 30 ming tonna. Sendvich panel ishlab chiqarish sexida oyiga 30 ming kvadrat metr mahsulot tayyorlanmoqda. Har ikki sexda 100 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.
Ayni paytda uchinchi sex qurilishi qizg‘in davom etayotir. Xorijlik hamkorlarning 16 million 500 ming AQSh dollari qiymatidagi investitsiyasi ishtirokida maxsus ishlov berilgan qurilishbop metall profil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur metall profillar sanoat usulida ranglangani uchun uzoq muddat sifatini yo‘qotmaydi. Eng muhimi, mazkur sexda yana 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Alisher ISROILOV.