Samarqanddagi ikkita olimpiya zaxiralari maktab-internati kollejga aylantiriladi

Vazirlar Mahkamasining shu yil 12 avgustda “Olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Samarqand shahridagi hamda Toyloq tumanidagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari endilikda, “olimpiya zaxiralari kollejlari” deb yuritiladigan bo‘ldi.

Olimpiya zaxiralari kollejlarida ta’lim jarayoni ikki bosqichda ya’ni, umumiy o‘rta ta’lim VII-XI sinflar hamda o‘rta professional ta’lim XI sinfdan keyingi bir yillik ta’lim bosqichlarida amalga oshiriladi. Kollejning asosiy faoliyati jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar hamda sportning olimpiya turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab olimpiya zaxiralari kollejlarining o‘rta professional ta’lim bosqichida futbol bo‘limlari tashkil etiladi va ularda futbol bo‘yicha mutaxassislar (sportchilardan tashqari) tayyorlanadi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020-2021 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta ta’lim hamda o‘rta professional ta’lim jarayonining uzviyligini va sport mahoratini uzluksiz o‘stirishni ta’minlashni hisobga olgan holda o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqadi.

Kollejlarni zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali kadrlar hamda trenerlar bilan to‘ldirish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi.

Husan Eltoyev.