Samarqanddagi ilk “Obod mahalla maskani” Bulung‘urda ochildi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Qamashi mahallasi misolida respublikamizning har bir tumanida kamida bittadan “Obod mahalla maskani” tashkil etish topshirig‘i berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida 23 mahallada “Obod mahalla maskani" tashkil etilmoqda.

Jumladan, Bulung‘ur tumanida "Mingchinor" mahalla fuqarolar yig‘ini tanlanib, mahalla qiyofasini namunali tarzda tartibga keltirish, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi. Piyodalar yo‘laklari, work-out maydonchalari barpo qilindi. 27 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Poyabzal ta’mirlash, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari, 2 ta sartaroshxona, 2 ta tikuvchilik sexi, 1 ta go‘zallik saloni va 6 ta savdo do‘koni tashkil etildi.

Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 116 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. “Temir daftar”ga kiritilgan 34 ta oilaga va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 96 nafar yoshlarga ko‘mak va yordam ko‘rsatilib, daftardan chiqarildi.

“Obod mahalla maskani”da 11 turdagi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etilishi bilpn 45 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi. Jumladan, “Temir daftar”ga kiritilgan 3 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 11 nafar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 4 nafar yoshlar hamda mahalladagi 27 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi.

- Tumanimiz qiyofasini o‘zgartirish va mahallalarni obod qilish borasidagi ishlarimiz Mingchinor mahallasi bilan cheklanib qolgani yo‘q, - deydi Bulung‘ur tumani hokimi S.Astanov. - Yil boshidan buyon “Og‘ir hudud” loyihasi doirasida Bulung‘urariq mahallasi obod qilingan bo‘lsa, “Obod qishloq” davlat dasturi bo‘yicha Bog‘bon mahallasi Bot-bot qishlog‘i hamda Chorbog‘ mahallasi Chorbog‘ qishloqlarida obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

"Obod mahalla maskani"ning ochilish tadbirida tuman “Mahallabay” ishlash markazi tomonidan “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 37 nafar fuqaroga motokultivator, tikuv mashinasi, pishiriq pechi kabi asbob-uskunalar berildi.

Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirok etdi.