Samarqanddagi Maxsum bobo maqbarasi haqida bilasizmi?
Samarqand — asrlar sadosi jonlanib turadigan, har bir toshi tarix so‘zlaydigan muqaddas shahar. Ana shu shaharning tarixiy markazida, qadimiy Afrasiyob yodgorligining janubiy chegarasida joylashgan Maxsum bobo maqbarasi bugun ham yuzlab ziyoratchilarni o‘ziga jalb etmoqda.
Bu maskan xalq orasida oddiy me’moriy yodgorlik emas, balki umid, ishonch va ma’naviy poklanish ramzi sifatida e’zozlanadi.
Maxsum bobo maqbarasi Hazrati Xizr masjidi yaqinida joylashgan bo‘lib, shaharning eng qadimiy qabristonlaridan birida qad rostlagan. Manbalarda qayd etilishicha, Avliyo Maxsum bobo XVIII asrda Farg‘ona vodiysida tug‘ilgan va 97 yil umr ko‘rgan.
Hayotining asosiy qismini Samarqandda o‘tkazib, Hazrati Xizr masjidi atrofida yashagan. Xalq uni duolari shifo, so‘zlari taskin bo‘lgan tabarruk zot sifatida hurmat qilgan. Dardi borlar unga umid bilan kelgan, ko‘ngli yaralanganlar ruhiy taskin topgan.
Avliyo Maxsum bobo umrining asosiy qismini Samarqandda o‘tkazgan va vafot etgach, vasiyatiga ko‘ra, jasadi shu zaminga — hozirgi maqbara joylashgan hududga dafn etilgan. Keyinchalik XIX asrda uning qabri ustiga maqbara bunyod etilib, bu joy ziyoratgohga aylantirilgan.
Maqbaraning me’moriy ko‘rinishi ham o‘ziga xos. Hech qanday dabdabasiz, sodda va ixcham shaklda barpo etilgan bu inshoot sokin muhiti bilan insonni o‘yga toldiradi. Qadimiy g‘ishtlardan qurilgan devorlar, oq rangli ichki ravoqlar va sag‘ana ustiga yopilgan yashil mato bu joydagi ma’naviy muhitni yanada chuqur his etishga undaydi. Qur’on oyatlari bitilgan yozuvlar esa qalbni xotirjamlikka chorlaydi.
Maxsum bobo maqbarasi Samarqandning boshqa tarixiy, me’moriy va diniy obidalari bilan bir qatorda “Samarqand — madaniyatlar chorrahasi” nomi ostida YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu e’tirof esa ushbu muqaddas maskanning nafaqat mahalliy, balki jahon miqyosidagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Maqbara shunchaki tarixiy inshoot emas, balki asrlar davomida xalq e’tiqodi, ma’naviy poklik va ruhiy sokinlik manbai bo‘lib kelayotgan muqaddas dargohdir. Bu yerga qadam qo‘ygan har bir inson qalbida o‘tmishga hurmat, kelajakka ishonch uyg‘onadi.
Muxlisa Misirova,
SamDChT talabasi.