Samarqanddagi shifoxonada murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Yaqinda birlashma shifokorlari tomonidan Nurobod tumani Jom qishlog‘ida tashkil etilgan keng qamrovli tibbiy ko‘rikda Girdiqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi 18 yoshli Munira Hasanovada yumshoq tanglayning chegaralangan tug‘ma kemtikligi nuqsoni borligi aniqlandi. Shifokor Murod Egamberdiyev bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurligini tayinlab, shifoxonaga yo‘llanma berdi.
Munira shahar markaziy shifoxonasida to‘liq klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, veloplastika amaliyoti qo‘llanildi. Bu ishni tajribali shifokorlar D.Ibragimov hamda assistent A.Ahrorov amalga oshirdi.
– Bu kabi tug‘ma nuqsonlarni odatda bemorlar yoshlik paytida davolash zarur, – deydi Samarqand davlat tibbiyot instituti yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi o‘qituvchisi Davron Ibragimov. – Turli sabablar tufayli M.Hasanovada bu ish amalga oshmay qolgan. Natijada u to‘laqonli gapira olmagan. Endi bu kamchilik bartaraf etildi.
– Shuncha yildan beri odamlar bilan suhbatlashishda qiynalib keldim, – deydi Munira Hasanova. – O‘z fikrimni to‘liq bayon qila olmasdim. Nuqsonim hatto ovqatlanishimga ham xalaqit berardi. Bizlarga bepul tashxis qo‘yib, davolanish imkoniyatini yaratib bergan insonlardan, shifokorlardan minnatdorman.
Dilmurod TO‘XTAYeV.