Samarqandga “dostavka” qilingan dori manziliga yetib bormadi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toyloq tumanida yashovchi fuqaro A.Tillayev (ism, familiya o‘zgartirilgan) Samarqand shahri Farhod ko‘chasida noqonuniy ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.
Aniqlanishicha, u ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan namanganlik noma’lum fuqarolar tomonidan “dostavka” xizmati orqali yetkazib berilgan “Sovid-19” kasalligiga qarshi kurashishda foydalanishga tavsiya qilingan 1 qutisi 300 ming so‘m (chakana bahosi) bo‘lgan “Kleksan-4000” dori vositasini 900 ming so‘mdan sotayotgan bo‘lgan.
U 100 quti dorini 90 million so‘mga sotgan vaqtda qo‘lga olindi. Tadbir davomida dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar dori-darmonlarni qo‘ldan, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali xarid qilishni tavsiya etmaydi. Negaki, noqonuniy sotilayotgan dori-darmonlar O‘zbekistonga amaldagi qonunchilikka rioya etilmagan holda, nazorat organlarining tekshiruvlarisiz olib o‘tilgan bo‘ladi. Ya’ni, sifatsiz dori vositalari maxsus jihozlangan transport o‘rniga oddiy qutilar va sumkalar, yuk mashinalari yoki avtobus bo‘lmalarida aylanma yo‘llar bilan oddiy sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan holda tashiladi.
Bosh prokuratura huzuridagi
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish
departamenti viloyat boshqarmasi.