Samarqandga janubiy koreyaliklarning qiziqishi katta

Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan davrda 1 million 560 mingga yaqin mahalliy va 239 mingdan ortiq xorijiy sayyoh Samarqandda bo‘lgan.

Xorijiy sayyohlar geografiyasi tahlil qilinganda Janubiy Koreyadan 9,4 ming, Yaponiyadan 8,3 ming, Fransiyadan 6,3 ming, Germaniyadan 5,5 ming, Italiyadan 5,4 ming, Ispaniyadan 4,5 ming, Turkiyadan 3,9 ming nafar sayyoh kelgani ma’lum bo‘ldi.

Xorijlik sayyohlarning katta qismi haliyam Rossiya Federatsiyasi va MDH mamlakatlaridan – 76,3 ming kishi. Markaziy Osiyo davlatlaridan esa 49,6 ming kishi Samarqandni tomosha qilgan.

Ziyorat turizmi bo‘yicha yurtimizga qiziqishi katta bo‘lgan Malayziya va Indoneziya davlatlaridan esa 1,6 ming, 1,7 ming fuqaro tashrif buyurgan.

Butun dunyodagi musulmonlar ziyorat qilishga intiladigan Imom Buxoriy majmuasida ayni paytda 60,4 gektar maydonda turizm infratuzilmasi ob’yektlari barpo etilishi belgilangan. Jumladan, bu yerda 27 mehmonxona qurilishi ko‘zda tutilgan. Indoneziyaning “Sahid group” kompaniyasi Samarqanddagi ilk 5 yulduzli mehmonxonani ham ushbu maskanda qurish niyatida. Mazkur hududda ob’yektlar foydalanishga topshirilgach, bu yerda yiliga 250 ming nafar xorijiy ziyoratchilarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.

Dunyoning narigi burchaklarida ham Samarqandni ko‘rishni istaganlar bor ekan. Shu sababli Avstraliya va Braziliyadan bu yil 800 nafardan, olis Kanadadan esa 1000 nafar sayyoh yurtimizga kelib, uning betakror tarixiy obidalari va go‘zal tabiatidan bahramand bo‘libdi.

– Dunyoning 129 davlatidan kelgan 239 ming nafar turistning 28,6 ming nafari sayyohlik vizasi rasmiylashtirgan bo‘lsa, boshqa sayyohlar davlatimiz rahbarining farmoni bilan bir qator davlatlar fuqarolariga yurtimizga turistik tashriflari uchun viza rejimi bekor qilinishi imkoniyatidan foydalangan, – deydi Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi D.Narziqulov. – Viloyatda turistik oqimning sezilarli darajada ko‘payayotgani hisobga olinib, joriy yilda 28 ta yangi investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.

G‘.HASANOV.