Samarqandlik alfons (ayollar qo‘liga qarab qolgan erkak)ga sud hukmi o‘qildi

U xotin-qizlarni aldab, turli miqdordagi pullarini o‘zlashtirib yuborgan.

Eng yomoni, sudlanuvchiga bungacha ham sud hukmi bilan jazo tayinlangan. Insonparvarlik tamoyillari asosida uning jazosi qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turi bilan almashtirilgan. Biroq u bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Samarqand tumani Rustam qishlog‘ida yashagan bu yigitning o‘tmishi bilan tanisharkansiz, beixtiyor “Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi”, degan naql yodga keladi. Negaki, navbatdagi jinoyat ishi sanoq bo‘yicha nechanchisi ekanligiga o‘zi ham adashib ketishi mumkin.

Bu safar u ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan foydalangan. Qaysiki, “Odnoklassniki” tarmog‘ida qiz bolaning ismi bilan akkaunt ochib, o‘ziga to‘q oila qizlari bilan “dugonalashib” boraveradi. Ular orasida Nozima (ism, familiyalar shartli) bilan munosabatlari ancha qalin tus oladi.

Odatiy kunlarning birida Nozimaga akasi – aslida o‘zini AQShda ishlashini, u oilasi bilan ajrashgani uchun kelin izlashayotganini bildiradi. To‘g‘ri, Nozima ham birdan yettinchi osmonga uchib ketmagan. “Akam bilan uchrashib ko‘rmaysizmi?”, degan savolga “Kelaversinlar-chi, ko‘ramiz”, deb javob qaytaradi.

Ammo firibgarning nayranglari ish bera boshlagandi.

- Nozimamisiz, assalomu alaykum, men Zarnigorning akasiman?

Po‘rim kiyingan yigit, kamiga AQShdan kelgan “shahzoda” Nozimani shoshirib qo‘ydi. Shu kundan keyin ular yana ikki-uch bor uchrashishdi.

Keyinchalik, Shuhrat o‘z rejalarining navbatdagi bosqichiga o‘tdi. Zarnigorga “Malibu” olib berayotgan, boshqa bir singlisiga hovli ko‘tarayotgani uchun Nozima bilan uchrashishga vaqti bo‘lmasligini aytadi.

Tabiiyki, bu holat Nozimaning Shuhratga qiziqishini yanada oshirgan. Shu bois, keyinchalik zarurat tufayli qisqa vaqtda qaytaraman, deb qancha pul so‘rasa, beradigan bo‘ldi. Ammo har narsada me’yor bo‘lgani yaxshi. Buni Nozima ham yaxshi bilardi.

Shuhratning so‘rovlarining oxiri ko‘rinmayotgani, olgan pullarini qaytarish haqida mutlaqo gap ochmasligi unda shubha uyg‘ota boshladi.

- Nozi, iltimos, 300 dollar berib turgin avariya qilib qo‘ydim, qarshi taraf 7-GOOMga ariza berib yuboribdi.

Bu Shuhratning oxirgi nayrangi bo‘lib qoldi. Nozimaning IIBga bergan arizasi tufayli Shuhrat qo‘lga olindi. U barcha qilmishlarini tan oldi. Sud unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashlikni belgiladi.

Nozimaning firibgarlik bilan qo‘lga kiritilib, o‘zlashtirib yuborilgan pullari Shuhratdan undiriladigan bo‘ldi.

Tolib Boyzoqov, viloyat sudi raisining o‘rinbosari.

Farrux Samatov, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.