Samarqandlik maktab o‘quvchilari xalqaro matematika olimpiadasida g‘olib bo‘ldi
Joriy yilning avgust oyida ELPC xalqaro olimpiadalar tashkiloti tomonidan Zoom dasturi orqali onlayn tarzda HKIMO (Gong Kong xalqaro matematika olimpiadasi) xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Olimpiadaga Gong Kong xalqaro matematika akademiyasi asos solgan bo‘lib, bugungi kunda unga Singapur, Malayziya, Tailand, Indoneziya, Filippin, Avstraliya, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi dunyoning 20 dan ortiq nufuzli davlatlarining maktab o‘quvchilari qatnashadi.
2020 yilda ilk marta O‘zbekistondan ham 115 nafar o‘quvchi ushbu olimpiadaga qatnashdi. Ular orasida ishtirok etgan samarqandlik o‘quvchilardan 3 nafari kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Past Darg‘om tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Zarnigor Zuvaydullayeva kumush medal, Narpay tumanidagi 47-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Mashhurbek Ziyadullayev bronza medali va Oqdaryo tumanidagi 2-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Shohruh Umrzoqov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Dilorom ABDURAHMONOVA.