Samarqandlik pedagoglar karantin davrida ham xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Umumta’lim maktablarida xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hali ko‘p ishlar amalga oshirilishi, o‘qituvchilarning malaka va tajribasi mustahkamlanib, o‘quvchi-yoshlarda puxta bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha izlanishlar olib borilishi lozim.

Samarqand shahridagi umumta’lim maktablari uchun 1-IDUM, 14- hamda 21-umumta’lim maktablari tayanch maktab sifatida belgilangan bo‘lib, ularda 21 nafar trener o‘qituvchilar xalqaro baholash dasturiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha pedagoglarga metodik tavsiyalar berib kelmoqda. Hozirgi kunda o‘qituvchilarning sifat tarkibini shakllantirish bilan birga, PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadigan 5817 nafar o‘quvchining ro‘yxati belgilangan talab asosida tuzib chiqilgan.

E’tiborga molik jihati shundaki, yurtimizda pandemiya sharoiti hukm surib turgan, o‘quv yili yakunlangan ayni kunlarda ham har bir tayanch maktablari tomonidan kimyo, biologiya, geografiya, matematika, fizika, ona tili va rus tili fanlaridan ZOOM dasturidan foydalangan holda onlayn seminarlar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Bunda fan o‘qituvchilari o‘z mutaxassisligi doirasida xalqaro baholash dasturlariga muvofiq o‘quvchilarga bilim berish, ularni baholash, fanlar bo‘yicha kompetensiyalarini shakllantirish bo‘yicha tajriba almashib kelmoqda.

Yaqinda o‘tkazilgan ana shunday onlayn seminar davomida umumta’lim maktablarining fan o‘qituvchilari faol ishtirok etib, malaka va tajribalarini almashishdi. Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan ana shunday mahorat darslarida o‘zining pedagogik malaka va tajribasini o‘qituvchilarga o‘rgatib, ularning bu boradagi tajribalarini mustahkamlash bo‘yicha munosib hissasini qo‘shib kelayotgan trener o‘qituvchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.