Samarqandliklar boy-da!..

Shunday kinoya bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoni avval ham ko‘rgandingiz, yana ko‘ryapsiz. Samarqand o‘rniga boshqa viloyat qo‘yib izlasangiz ham to‘yda pul sochayotgan “boyvachcha”lar haqidagi o‘nlab lavhalar chiqadi. Nega?
Ular eski yoki boshqa degan e’tirozga shoshilmang. Chunki bu soxta obro‘ uchun, odamlar oldida puldor ko‘rinish uchun turli qiliqlar o‘ylab topish illati hamon jamiyatimizni tark etmayotganini yaxshi bilasiz. Va tabiiyki, ko‘pchiligimiz bunga ich-ichimizdan qarshimiz, lekin nega undan batamom qutula olmayapmiz?
“Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda..”
Aslida mana shu emasmi bizni badnom qiladigan illat?
Koronavirus avj olgan mahal qanday o‘zgarishlar ko‘rina boshlagandi. Ammo keyingi paytlarda o‘zbeklar "to‘y uchun yashaydi" iborasi naqadar haqiqatligi yana bir bor isbotlandi. Chunki yana o‘sha isrofgarchilik, yana o‘sha bir kunlik hashamat ortidan quvish...
Hammasi o‘z yo‘liga, ammo to‘ylardagi osmonga pul sochish odati yana boshdan avjiga chiqib bormoqda. Savol tug‘iladi, ortiqcha boylik va obro‘ni oshirish sifatida ko‘rilayotgan bunday ishlarning mohiyatida aslida bilimsizlik va tarbiyadagi nuqsonlar yotgani yo‘qmi? Ularni o‘zimiz, sizu biz shakllantirmadikmi?
Modomiki, qars ikki qo‘ldan chiqar ekan, to‘ylardagi pul sochish singari ajabtovur qiliqlarda ham har birimizning aybimiz bor. Jumladan, san’atkorlar katta rol o‘ynashiga O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov bilan bog‘liq bir voqea yaqqol isbot bo‘ladi.
Poytaxtdagi muhtasham to‘yxonalardan biriga taklif etilgan ustoz xonanda bir qo‘shiq aytib, ikkinchisiga o‘tganda, boyvachcha kuyov jo‘ralar uning ustidan pul sochmoqchi bo‘lishadi. Shunda hofiz kuylashdan to‘xtab, yigitlarga ikki og‘iz tanbeh bergan.
Shu bilan olam guliston. Hech kim pul ham sochmagan, boyligini ham ko‘z-ko‘z qilmagan...
Endi, o‘ylab ko‘ring, xalqimizning ming-ming yillar osha sayqal topib kelayotgan qadriyatlarini aybsitishga, kamsitishga, haqoratlashga haqimiz-huquqimiz bormi? Nega jimsiz yoki boshqa fikrdamisiz?!
Eng yuqori minbarga ko‘z tikkanmiz (mi?)
Ha, hamma narsada oxirgi gapni birinchi rahbarlardan, aksariyat hollarda davlat rahbaridan eshitishga odatlanib qolgandaymiz. Harholda davrimizning voqeliklari shunga dalolat bermoqda.
Misol uchun, to‘ylar masalasida ham Prezident chiqib, e’tiroz bildirgach, ma’raka va marosimlarni ixcham, kamchiqim qilib o‘tkazishga kirishildi. To‘g‘ri, bunda jiddiy o‘rganishlar o‘tkazildi, jamoatchilikning fikri olindi. Yakunda parlament palatalarining ko‘pchilikka ma’qul keladigan, qonun kuchiga ega qo‘shma qarori qabul qilindi.
Shu orada koronavirus epidemiyasi boshlanib, karantin cheklovlari e’lon qilindi. Tabiiyki, to‘y va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda parlament belgilagan talablarga ixtiyoriy tarzda amal qilindi. Balki shu sabablimi, hujjat ijrosini nazorat qilish, unda ko‘zda tutilgan navbatdagi masalalarni hal qilish e’tibordan chetda qoldi.
Ammo bugungi voqelik ushbu hujjatga yana bir qur nazar tashlash, shu bilan birga, tadbirlarimizda ma’naviyat masalasini ham chuqur o‘ylab ko‘rishni taqozo qilmoqda.
Chunki yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mana bu xabarning o‘ziyoq yuqorida aytilganidek, yana “bosar-tusar”imizni bilmay qolayotganimizni ko‘rsatmoqda: “Davlatimiz ramzlari tushirilgan pullar irkitlarni oyog‘ini ostida yotibdi. Samarqanddagi "Bassiani" tungi klubida bo‘lgan holat”.
O‘zi shu vaqtgacha davlat ramzlari qatorida aytiladigan milliy valyutani namoyishkorona oyoqosti qilish, sochish, yoqish va hokazolarga qarshi ko‘p gapirildi. Biroq bu borada ham yuqorida minbardan topshiriq kutilyapti, shekilli. Agar shunday bo‘lmaganida o‘zbek so‘mini bu tarzda qadrsizlashlarga nisbatan qat’iy choralar belgilangan bo‘larmidi?
Har turli holatlarda jarima belgilashga "usta" qonun ijodkorlari nega "puldor"larning xatti-harakatlarini tartibga solishga ishtiyoqi yo‘qligi tushunarsiz.
O‘zingiz biling!
Albatta, xulosa qilish har kimning ishi. Ammo https://savollar.islom.uz saytida e’lon qilingan quyidagi savol-javobni keltirish o‘rinli, bizningcha:
“Assalomu alaykum! To‘ylarda pul sochish yoki uni o‘sha yerda raqsga tushayotganlarga berish harommi?
"Zikr ahlidan so‘rang" hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ha, chunki bu harom ishni olqishlash bo‘ladi. Gunohga rozi bo‘lish gunoh, gunohni olqishlash esa yanada qattiqroq”.
Yo.Marqayev.