Samarqandning 6 tumanida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik oshgan

Joriy yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 18 ta jinoyatlar sodir etilib, o‘tgan yilga nisbatan jinoyatchilik 21,7 foizga kamaygan. Biroq nazoratsizlik, karovsizlik, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda profilaktika qilish bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi oqibatida ayrim hududlarda voyaga yetmaganlar tomonidan o‘tgan yilga nisbatan ko‘p jinoyatlar sodir etilgan.

Xususan, Ishtixon (0/1), Narpay (1/2), Nurobod (0/1), Qo‘shrabot (0/1) va Samarqand (1/2) va Toyloq tumanlarda (1/3) voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshgan.

Yuqorida qayd qilingan jinoyatlarda 27 (21) nafar voyaga yetmaganlar ishtirok etgan bo‘lib, ularning 26 nafari maktab o‘quvchilari hisoblanadi.

Jinoyatlarning 1 tasi og‘ir tan jarohati yetkazish, 1 tasi bezorilik, 12 tasi o‘g‘irlik va 4 tasi boshqa turdagi jinoyatlardir.

Misol uchun, joriy yil 12 mart kuni soat 17:00da Urgut tuman Choshtepa qishlog‘ida yashovchi Yo.Avazovga mahalladoshi D.Norqulov o‘zaro kelishmovchilik natijasida og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Shuningdek, 17 may kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 4-sonli IIB JQB tezkor vakillari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda voyaga yetmagan O.Ergashev tadbirga jalb qilingan Kamola ismli shaxsga 1,55 gramm ozginadan ko‘proq miqdordagi quruq holdagi marixuana giyohvandlik vositasini 600 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Albatta, viloyatda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ular tomonidan qayta yoki takroran jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan viloyatdagi 4 ta sektor va boshqa tegishli tashkilot rahbarlari tomonidan tasdiqlangan “Samarqand viloyatida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etish holatlarining oldini olish hamda mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan 2020 yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Mazkur dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash hamda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining barvaqt oldini olish va profilaktika qilish maqsadida ta’lim muassasalarida “Barchasi o‘z qo‘lingda”, “Keling, do‘st bo‘lamiz!” “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” kabi mavzularda 600 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etishga moyil bo‘lgan voyaga yetmaganlarni ruhan sog‘lomlashtirish maqsadida barcha ta’lim muassasalarida prokuratura, ichki ishlar, psixologlar, diniy idora vakillari, mahalla, “Yoshlar ittifoqi”, ta’lim tizimi vakillari tomonidan jami 250 marotaba targ‘ibot tadbirlari, 3057 marta profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

 

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.