Samarqandning birodar shaharlari haqida nimalarni bilasiz?
Samarqandda ushbu shaharning xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalq diplomatiyasida yoshlarning ishtirokini kengaytirish hamda birodar shaharlar o‘rtasidagi tajriba almashinuvini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi muloqot maydoni tashkil etildi.
Shu munosabat bilan «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida «Samarqand – birodar shaharlar yoshlari va OAV vakillari muloqot maydoni» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Birodar shaharlar alyansi” respublika tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Aytish kerakki, hozirgi kunda Samarqand 30 ortiq xorijiy davlatlar bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. Davra suhbatida alyansning asosiy maqsad va vazifalari, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda rejalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan birodar shaharlar mavzusida tayyorlangan taqdimotlar namoyish etildi.
- Asosiy maqsadimiz Samarqand shahrining xorijiy mamlakatlar bilan birodar bo‘lgan shaharlar tajribasini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, - deydi alyans rahbari Zokir Abilov. – Shuningdek, bugungi global jarayonlarda xalq diplomatiyasi orqali shaharlar o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini rivojlantirish va bu aloqalarga yoshlarni jalb etishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Siz Samarqandning birodar shaharlarini bilasizmi?” kabi tanlovlarni keng miqyosda o‘tkazdik. «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti hamda “Birodar shaharlar alyansi” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ta’lim, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirda yil davomida o‘tkazilgan tanlovlarning g‘oliblari taqdirlandi, “Birodar shaharlar” yoshlar klubi a’zolari chiqishlari namoyish etildi.
Munisa Shamsiyeva.