Samarqandning "Nafosat malikalari" aniqlandi
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, «Tadbirkor ayol» uyushmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda asosiy e’tibor jamiyatimizning turli jabhalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faoliyati, ularning kiyinish madaniyatiga milliy va zamonaviy ruhni olib kirish hamda mentalitetimizga mos yangi bichimlarni joriy qilishga qaratildi.
Tanlovda ishtirok etgan 20 nafar malakali dizayner ishbilarmonlik, yetakchilik, ijodkorlik bo‘yicha bellashdi va o‘z eskizlarini taqdim etdi.
Tanlovda Samarqand shahrilik dizayner Dilnoza Toshpo‘latova birinchi, jomboylik Go‘zal Mamatova ikkinchi, yana bir Samarqand shahrilik ishtirokchi - Oyshirin Sulaymonova uchinchi o‘ringa munosib topildi.
- 15 yildan beri tikuvchilik bilan shug‘ullanaman, - deydi tanlov g‘olibi. «Noza ipak gavhari» oilaviy korxonasi rahbari Dilnoza Toshpo‘latova. - Faoliyatimni kengaytirish, malakali shogirdlar yetkazish hamda mahsulotlarimizni bozorga chiqarish maqsadida oilaviy korxona ochdim. Bugungi kunda 5 nafar ishchi va 10 nafarga yaqin shogirdlarim bor. Yaqinda 100 million kredit olib, matoga bezak beradigan lazer texnologiyali tikuv mashinasini sotib oldim. Nasib bo‘lsa, milliyligimiz uyg‘unlashtirilgan zamonaviy, yevropa uslubidagi liboslarni tikib, jahon bozoriga chiqmoqchiman.