Samarqandning “oltin zaxira”lari kimlar?

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Samarqand davlat universitetida istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan “Samarqand – kelajak javohirlari” klubiga nomzod bitiruvchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullayev, universitet rektori R.Xolmurodov, fakultet dekanlari, bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.

- Samarqand davlat universiteti viloyat hokimligi uchun kadrlar zaxirasini yaratib beradigan asosiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, - deydi B.Rahmatullayev. - Ayni vaqtda yurtimizda davlat idoralariga kadrlar “meritokratiya” tamoyillari asosida adolatli tarzda eng bilimli yoshlar qabul qilinmoqda. Bugun siz, iqtidorli bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuvdan asosiy maqsad davlat xizmatiga kompetentli, zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor, izlanuvchan yoshlarni saralab, suhbatdan o‘tkazish va viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olishdir.
Tadbirda yoshlarga klubning maqsad va vazifalari tushuntirildi.



Eslatib o‘tamiz: “Samarqand – kelajak javohirlari” loyihasi viloyatda 2020 yil yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunda 848 nafar bitiruvchi a’zo hisoblanadi. Klub 2020 yilda 331 nafar, 2021 yilda esa 517 nafar iqtidorli bitiruvchini qamrab oldi. Ushbu bitiruvchilarning 612 nafari ish bilan ta’minlandi, 107 nafar bitiruvchi o‘qishini magistraturada davom ettirmoqda.