Samarqandning sadoqatli farzandi

Abduvahob akani nafaqat Samarqandda, balki respublikamizda tajribali savdo xodimi, yetuk iqtisodchi, tashkilotchi rahbar sifatida bilishadi. Yengil sanoat sohasidagi muammoli, munozarali masalalarda uning fikrlari bilan hisoblashishadi.

Bu inson bilan yonma-yon ishlash, uning ish uslubi, tajribasini o‘rganish jarayonida bunga ko‘p guvoh bo‘lganmiz, Abduvahob aka kamtarlik bilan “Men doim oddiy odamlar orasida bo‘lishga, ularning fikrlarini bilishga harakat qilaman, o‘zimni mahalla-ko‘ydan ayri tasavvur qilolmayman”, deydi. Bu fikrlardan so‘ng uning hamma vaqt rahbarlarning ham, qo‘l ostidagi ishchi-xodimlar va mahallaning ham hurmat-e’tiborida ekanligining mohiyatini anglagandek bo‘lamiz.

Abduvahob aka faoliyatini matlubot jamiyati sotuvchiligidan boshlagan, o‘zi aytganidek, oddiy odamlar orasida ishlagan. Keyin 21 yoshida Samarqand shahridagi yirik ishlab chiqarish korxonasi hisob­langan chinni zavodida ishchi sifatida faoliyatini davom ettirgan. Ana shu yerda u mehnatda ham, rahbarlikda ham toblangan. Dunyoga mashhur korxonada 29 yil ishlab eng kichik vazifadan direktor o‘rinbosarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. O‘zining bilimi, mehnatsevarligi, yangilikka intiluvchan va tashabbuskorligi bilan e’tibor qozondi.

O‘tgan asrning 90-yillari oxirida yurtimizdagi boshqa sanoat korxonalari qatori Samarqanddagi yirik zavod, fabrikalar ham og‘ir ahvolga tushib qoldi. Iqtisodiy inqiroz, goh xom­ashyo yetishmovchiligi, goh tayyor mahsulotga xaridor topilmasligi korxonalarning asosiy muammosiga aylandi. Tag‘in ishlab chiqarish texnologiyalari eskirib, ularni yangilashga ehtiyoj ortib bordi.

O‘z mahsulotlari bilan sobiq ittifoq respublikalarida mashhur bo‘lgan Samarqand choy qadoqlash fabrikasi ham shunday muammolar girdobida qolgan edi. Ana shu vaziyatda, 2000 yilda Abduvahob Rahimovning tajribasi, tashkilotchiligiga ishonib, ushbu korxona rahbarligiga tayinlashdi.

Iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan, ishlab chiqarish keskin kamayib, ishchilar maoshi va ish o‘rinlari qisqarib borayotgan korxona ishini yuritish qanchalik og‘ir bo‘lganligini, qiyin vaziyatdan chiqish uchun Abduvahob aka tun-u kun ishlaganini ko‘rganmiz. Avvalo, fabrikaga xomashyo yetkazadigan xorijlik hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qildi. Bo‘sh qolgan sexlarda vaziyatdan kelib chiqib, tuz, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlashni yo‘lga qo‘ydi. Shu tarzda sekin-asta korxona faoliyati izga tusha boshladi, chet ellik sheriklarda ham ishonch paydo bo‘ldi.

2005 yilda respublika hukumati qarori bilan chet ellik investorlar tomonidan kiritilgan ulushga muvofiq Samarqand choy qadoqlash fabrikasi xorijiy korxonaga aylantirildi va Abduvahob aka ijrochi direktor etib tayinlandi.

Shundan so‘ng fabrika faoliyatida yangi davr boshlandi. Barcha sex va bo‘limlar qayta ta’mirlanib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Qadoqlash sifati yaxshilandi, yangicha dizayn asosida qadoqlangan o‘ramalardagi choy mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahsulot turi 8-10 martaga ko‘paydi. Natijada Samarqand choyi yana bozorda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Bugun respublikamizning deyarli barcha hududlarida korxona o‘z savdo nuqtalariga ega.

Ayni paytda “Samarqand choy qadoqlash fabrikasi” xorijiy korxonasi respublikamizdagi iqtisodiy barqaror ishlab chiqarish sub’yektlaridan biri hisoblanadi. Bunda, shubhasiz korxonani bugungi kun talablari asosida, bozordagi talab va taklifni puxta o‘rgangan holda boshqarib kelayotgan Abduvahob Rahimovning xizmatlari katta. Shuning uchun ham u kishi 2017 yilda davlatimizning yuksak mukofoti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangandi.

Tajribali va kamtarin rahbar, ishchi-xodimlarga otadek g‘amxo‘r inson Abduvahob aka bugun 70 yoshni qarshi oldi. Ustozimizni «Samarqand choy qadoqlash fabrikasi» va «Asl nafis» korxonalari ishchi-xodimlari, faxriylar va do‘stu shogirdlari nomidan qutlug‘ yosh bilan tabriklab, jamoamiz va ibratli oilasi baxtiga hamisha sog‘ va omon bo‘lishini, farzandu nabiralariga bosh bo‘lib, ularning baxtu rohatini ko‘rib yurishini tilaymiz.

Botir MAHMUDOV,

Aziz HOJIYeV.