Samarqandning shamol resurslari xaritasini tuzgan olim

Aholi sonining ko‘payib borishi bilan yer shari bo‘yicha ham, alohida davlatlar va hududlar bo‘yicha ham insonning tabiatga ta’siri yildan-yilga kuchayib bormoqda. Shu sababli ham turli hududlarda ekologik vaziyat keskinlashib aholi uchun noqulay sharoitlar paydo bo‘lmoqda.

Shu kabi ekologik muammolar Samarqand davlat universiteti, geografiya fakultetida faoliyat olib borgan, geografiya fanlari doktori, professor Arzimurod Rahmatullayev tomonidan juda uzoq o‘rganilgan va aniq takliflar kiritilgan. Ustozimizning amalga oshirgan ishlari, izlanishlari natijasi haqida juda ko‘p fikr bildirish mumkin.

Arzimurod Rahmatullayev 1943 yilda Navoiy viloyati, Nurota tumani Qadoq qishlog‘ida tavallud topdi. Samarqand davlat universiteti geografiya fakultetida tahsil oldi. 1968 yilda Moskva davlat universitetiga aspiranturaga o‘qishga kirdi. U yerda ilmiy rahbari, professor Nikolay Solnsevning maslahatlari bilan o‘z davrining dolzarb mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yozdi va uni muvaffaqiyatli himoya qildi.

So‘ngra qadrdon universitetiga kelib, kafedra mudiri, dekan lavozimlarida ishladi. Bu vaqtda geografiya fakulteti bilan Yevropa ittifoqining TASIS-TEMPUS  dasturida shahar qurilishi va turizm  sohalari bo‘yicha Belgiya, Italiya davlatlari o‘rtasida ilmiy aloqalar o‘rnatildi va fakultet xodimlaridan 15 kishi Belgiyada malaka oshirib keldi. A.Raxmatullayev tabiiy geografiyaning qator muammoli masalalari bilan shug‘ullandi va 3 ta monografiya va 280 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirdi. Domla bilimga intiluvchan talabalar bilan ishlashni yaxshi ko‘rardi. Shogirdlaridan 4 nafari Beruniy va Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.

A.Rahmatullayev ”Tog‘ geosistemalarida cho‘llanish jarayonini tayanch-eksperimental uchastkalarda o‘rganish va kartalashtirish” mavzusida fundamental davlat loyihasiga va shular qatori bir nechta amaliy, fundamental grantlarga rahbarlik qildi.

Domlaning muqobil energiya manbalaridan foydalanish masalalari bilan shug‘ullangani alohida e’tirofga loyiq. “Samarqand viloyatining shamol energiya resurslari va ularni kartalashtirish” nomli kitobida Samarqanddagi elektr energiya beradigan shamol resurslari xaritalari tuzilgan va shamoldan elektr energiya olishda istiqbolli joylar ko‘rsatilgan. Shulardan biri G‘o‘bdin tog‘ining sharqiy chekka qismi va “yuqori nuqta” o‘rtasidagi joylar bo‘lib, u hududda yillik o‘rtacha shamol tezligi 4,0-5,0 m/s ni tashkil qiladi. Bu hududning Eshmonto‘p qishlog‘ida 2014 yilda o‘rnatilgan shamol o‘lchagich asbobi (Anemorumbometr) hozirga qadar ishlab turibdi.

Ikkinchi shamol o‘lchagich asbobi 2015 yil avgust oyida Samarqand davlat universitetining 9 qavatli bino tomiga, 40 metr balandlikka o‘rnatilgan. Bundan maqsad shamolga to‘siqlar ( bino, daraxtlar) bo‘lmagan balandlikda shamol tezligi Samarqand shahar meteorologik stansiyasidan  (daraxt va binolar bilan o‘ralgan va shamol tezligi 10 metr balandlikda o‘lchanadi) farqini aniqlash edi. Shamol tezligi 40 metr balandlikda 10 metr balandlikka nisbatan 2,0-2,5 marta ortiq farq qilishligi aniqlandi. Bundan xulosa sifatida shahar va qishloqlarda ham shamol generatorlari shamolga to‘siqsiz balandliklarda (30-40 m) qurilsa soatiga 3,5-4,0 kvt/soat elektr energiya olish mumkinligini o‘lchash ishlari bilan isbotlandi.

 «Shamol energiyasi ekologik toza, tugamaydigan energiya manbai bo‘lib, Yevropa davlatlari, Xitoy, AQShda uning narxi ko‘mirdan olinadigan energiyaga nisbatan ancha arzon. Shu sababli ham shamol va quyosh energiyalaridan foydalanishning O‘zbekiston sharoitida istiqboli katta. Xalq xo‘jaligining hamma sohasida tabiiy resurslardan to‘g‘ri foydalanish, tabiatga ta’sir bo‘yicha me’yor qonuniga amal qilinsa, antropogen yukning tabiatga bosimini me’yor darajasidan oshirsak, dunyo bo‘yicha ham, davlatlar bo‘yicha ham ekologik barqarorlik shakllanadi. Buning natijasida kelajak avlodlarga toza tabiatni saqlash va yetkazish deb ataladigan muqaddas majburiyatimizni bajargan bo‘lamiz», deb ta’kidlar edi domla.

Arzimurod Rahmatullayev 2020 yil 11 dekabr kuni vafot etdi. Ustozning yorqin xotirasi barchamizning qalbimizda abadiy saqlanadi, u kishining ilmiy izlanishlari shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda.

Samarqand davlat universiteti gidrometeorologiya kafedrasi jamoasi.