Samarqandning yana bir xiyoboni yangilanmoqda (foto)
Gap Samarqand shahridagi So‘g‘diyona massivida joylashgan «So‘g‘diyona» xiyoboni haqida bormoqda. Ayni kunlarda bu yerda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
– Loyihaga ko‘ra, ushbu xiyobon hademay ko‘rkam ko‘rinish kasb etadi, – deydi «Samarqand tong shabbodasi» korxonasi boshlig‘i Fazliddin Amonullayev. – Bu yerda ikkita favvora, sayrgoh, bolalar o‘yin maydoni, yengil jismoniy mashqlar bajarish uchun sport yo‘lagi (stol tennisi, skeytbord, yugurish hamda veloyo‘lak) tashkil etiladi. Shuningdek, xiyobon uch hududga - "Tinch", "Bolalar", "Yoshlar" hududiga ajratilgan. Bu ishlarni bajarishga kirishganimizga bir yarim oy bo‘ldi. Ayni paytda malakali quruvchilarimiz xiyobonning 800 metr uzunlikdagi sayr qiladigan yo‘lagiga yo‘lakbop plitkalarni termoqda. Shuningdek, qolgan ikkita yo‘laklarga tosh yotqizilib, yashil maysazor joyi tayyorlanmoqda. Bir vaqtning o‘zida hududga suv sepish uchun yer ostiga polietilen trubalar o‘rnatish ishlarini bajaryapmiz.
Kelgusida xiyobonda dam oluvchilar uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratiladi. Muzqaymoq va salqin ichimliklar savdo qilinadigan pavilon quriladi.
Zamonaviy ko‘rinishdagi maskan nafaqat shaharda yashovchilarga, balki Samarqandga keladigan xorijlik mehmonlar uchun ham ko‘rkam dam olish joyiga aylanadi.
Baxtiyor Mustanov.