SamDTIda "psixiatriya" yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga qabul kvotasi oshiriladi

Bugungi kunda viloyatimiz psixiatriya muassasalarida vrach-psixiatrlar yetishmasligi kuzatilmoqda. Shuning uchun Prezidentimizning 2018 yil 16 martda qabul qilingan "Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori bilan 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab "psixiatriya" yo‘nalishi bo‘yicha magistrlarni grant asosida tayyorlash yuzasidan oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga, jumladan, Samarqand davlat tibbiyot institutiga 10 tadan qabul kvotalari oshiriladigan bo‘ldi. 

Institut qoshida tibbiyot ma’lumotiga ega bo‘lgan vrachlar uchun "psixiatriya" va "suitsidologiya" yo‘nalishlarida ixtisoslashuv kurslari tashkil qilinadi. Psixiatriya yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinaturada o‘qish uchun o‘rinlar soni 10 taga oshiriladi. Shuningdek, shifokorlarimizda xorijning yetakchi klinika hamda tibbiyot muassasalarida malaka oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. 

Viloyat ruhiy kasalliklar dispanserida 37 ming nafardan ziyod bemor hisobda turadi. O‘tgan yili Urgut tumanida joylashgan 810 o‘rinli viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida 7 706 nafar bemor davolanib, o‘z salomatligini mustahkamlagan edi. Muassasada 61 nafar oliy toifali shifokor, 600 nafar o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari mehnat qiladi. 

Dilmurod TO‘XTAYeV