SamDU jamoasining matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigi

Samarqand davlat universiteti jamoasi mamlakatimizning jonkuyar jurnalistlarini, teleradio kanallar, gazeta va jurnallar, nashriyot va matbaa xodimlari hamda soha faxriylarini 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etadi.

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining bugungi kunda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimiz ongiga yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlari tahsinga sazovor. Zero, hayotimizdagi muammolarni, mavjud kamchiliklarni dadil ko‘tarib chiqish, xalqimizning orzu-intilishlari, dardu tashvishlarini yoritish borasida ko‘rsatayotgan jonbozliklari g‘oyat qadrlidir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar soha xodimlarining zimmasiga alohida vazifalar yuklamoqda. Ularning mamlakat demokratik manzarasini yoritishda, dunyoda va yurtimizda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar haqida tezkor, xolisona va oshkora ma’lumotlar yetkazish borasidagi xizmatlari ko‘pchilikning e’tiborini qozonmoqda.

Raqamli texnologiyalarning xalqimiz hayotiga chuqur singib borayotganligi natijasida bilimli va hozirjavob jurnalistlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Shu jihatdan keyingi yillarda jurnalistikaning internet bilan bog‘liq sohasini rivojlantirish uchun qabul kvotalarining ajratilishi milliy media tizimimizning mukammallashuviga xizmat qiladi.

Joriy yildan boshlab SamDUda «Noshirlik ishi» yo‘nalishida 25 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgani viloyatimizda ham sohaning mediatexnologiyalar bilan bog‘liq jihatlari rivojlanishiga xizmat qiladi.

Universitet jamoasi yana bir bor soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ijodiy yutuqlar tilaydi.

Samarqand davlat universiteti jamoasi.