SamDU Litvadagi universitet bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Samarqand davlat universitetiga Litvaning Vitautas Magnus universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash, hamkorlikdagi ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti talabalarini qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ikki yil muddatga Litvada o‘qishini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
- Samarqand davlat universitetiga ilk bor kelishim, - deydi delegatsiya rahbari, professor Astrida Maseikiyene. – Universitetingiz bilan hamkorlik qilish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Vitautas Magnus universiteti 1922 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Harvard modeli asosida faoliyat olib boradi. 81 davlatdagi 800 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Bizning universitetda olti nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Universitetimiz Xalqaro Yevropa reytingida (QSEESA) 61-o‘rinni egallab kelmoqda. Hamkorligimiz ijobiy samara berishiga ishonaman.
Behruz ShAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.