Samimiy hamkasbdan yaxshi nom, solih farzandlar qoldi

Hamkasbimiz Normuhammad Sayfiddinov agar hayot bo‘lganida bu yil 70 yoshga to‘lardi. Afsuski, u 47 yoshida, ijodining jo‘shqin pallasida og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Normuhammad aka xushchaqchaq, samimiy hamkasblarimizdan edi. Jamoani doimo sport bilan shug‘ullanishga chorlardi. Mashhur sportchi Mamajon Ahmedov sulolasi haqida “Polvon” nomli hujjatli qissa ham yozdi.
Institutni bitirgach, bir muddat o‘qituvchilik qilgan va keyin Jizzax viloyati Paxtakor tumani gazetazsida muxbirlik malakasini o‘rgangan, mas’ul kotiblikkacha kelgan. Bizning safimizda Normuhammad aka jo‘shqin ijod qildi, sport bo‘limini boshqardi. Keyinchalik “Samarqand” gazetasiga muharrir etib tayinlandi.
N.Sayfiddinovdan hayotda yaxshi ot, Bahodir, Akmal, A’zam, Dildora ismli solih farzandlar qoldi. Mo‘’tabar aya esa endi nevaralarini tarbiyalash bilan band. U kishiga farzandlar kamolini ko‘rib yashash tilagini bildiramiz.