Sana: 7 aprel – Butunjahon salomatlik kuni
1950 yildan beri har yili 7 aprelni dunyo hamjamiyati Butunjahon salomatlik kuni sifatida nishonlab kelmoqda.
1948 yil 7 aprel sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha assambleyaning birinchi yig‘ilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga asos solingan. O‘zbekiston 1992 yilning 25 mayda JSSTga a’zo bo‘lgan. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yilda Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan.
Xo‘sh, BMT ushbu sanani qay tarzda nishonlaydi?
Butunjahon salomatlik kuni – bu insonlarning salomatligi va farovonligi muhofazasi yo‘lida birgalikda chora-tadbirlar o‘tkazish maqsadida sayyoramizda istiqomat qiluvchi har bir aholining e’tiborini salomatlik va sog‘liqni saqlash muammolariga jalb qilishga qaratilgan global kampaniyadir.
Butunjahon salomatlik kunini nishonlash bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar JSSTning boshchiligida tashkillashtiriladi. Ushbu kunni nishonlash munosabati bilan har yili sog‘liqni saqlash sohasida dolzarb bo‘lgan masalalarga xalqaro jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida muayyan bir mavzu belgilab olinadi. Bunday mavzu yoki shior ostida turli-tuman tadbirlar, tashabbus va tanlovlar uyushtirish orqali, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar yechimini topishdagi jamoatchilik ishtiroki rag‘batlantiriladi.
Jumladan, 2020 yil “Xalqaro hamshiralik va akusherlik xizmati xodimlari” yili deb e’lon qilingan edi. Shu sababli ushbu kun tadbirlari hamshiralar va akusherlik xizmati xodimlarining butun dunyoda odamlarning sog‘lig‘ini himoya qilishdagi muhim o‘rni va hamshiralar va akusherlik xizmatlarini kuchaytirish zarurligiga bag‘ishlandi. Afsuski, dunyo koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga duch kelishi o‘z ta’sirini ko‘rsatdi hamda “Butunjahon salomatlik kuni”ni nishonlash o‘ziga xos, ya’ni tashvishli sharoitda o‘tdi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar sog‘ayib ketishlari uchun, ularga JSST tavsiyalari asosida va xalqaro standartlar bo‘yicha tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi.