Sanatoriy va dam olish uylariga yo‘llanmalar olish tartibi qanday?

Xodim o‘ziga ma’qul kelgan santatoriyni tanlab, kasaba uyushmasiga sanatoriyga yo‘llanma ajratish bo‘yicha ariza topshiradi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimning arizasini qabul qilib, sanatoriyga yo‘llanma olish uchun murojaatlarni ro‘yxatga olish kitobiga (13-forma) kiritib, navbatga oladi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimga imtiyozli yo‘llanma olish uchun hisobidagi mablag‘dan kelib chiqqan holda yuqori turuvchi kasaba uyushmalari tashkilotlari tuman (shahar) kengashlariga buyurtma beradi.

Kasaba uyushmalari tashkilotlari tuman shahar kengashlari buyurtmani qabul qiladi va so‘ralgan sanatoriyga yo‘llanmani tashkilotlar kasaba uyushmasi qo‘mitasi ishonchnomasiga asosan ajratadi.

Xodim kasaba uyushmasi qo‘mitasidan yo‘llanmani olishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • tibbiy ma’lumotnoma;
  • pasport nusxasi;
  • mehnat daftarchasi nusxasi;
  • mehnat ta’tili berilgani to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
  • yo‘llanma qiymati to‘liq yoki qisman to‘langani (yo‘llanma narxining 45%) to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozi (kvitansiya).Xodim sanatoriy yo‘llanmasi hamda tibbiyot muassasasidan sanatoriyga taqdim etish uchun sanatoriy-kurort kartasini olib, sanatoriyga yo‘llanmada belgilangan kunda tashrif buyuradi.

Sanatoriy xodimni yo‘llanmasi va pasport ma’lumotlariga asosan davolash kartasini ochadi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Tibbiy ko‘rik xulosasisga asosan xodimga davolash mualajalari va taomnoma belgilanadi.

Xodim sanatoriyda 10-12 kun davomida sog‘lomlashtiriladi.

Xodim sanatoriy  yo‘llanmasida belgilangan muddatda sanatoriydan qaytadi.

Xodim sanatoriydan qaytgandan so‘ng kasaba uyushmasi qo‘mitasiga sanatoriy yo‘llanmasining qaytarish talonini taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz:

  • Imtiyozli yo‘llanmadan har bir xodim 2 yilda bir marta, navbat bilan, foydalanishi mumkin.
  • Har bir xodim o‘zining o‘rniga, 10 % yo‘llanmalar jamg‘armasi hisobidan, yaqin qarindoshlari (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandi) ga sihatgohlarga yo‘llanma olib berishi mumkin.
  • Davolanish muddati: Zomin va Oqtosh sihatgohida - 10 kun, Yalta, Kislovodsk - 14 kun, qolgan sihatgohlarda - 12 kun.

O‘zbekiston sanatoriylaridagi narx-navo bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.