Sanoat sohasini eng yaxshi yoritgan jurnalist, bloger va yosh havaskorlar taqdirlanadi

Samarqand viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Made in Samarkand!” (“Samarqandda ishlab chiqarilgan!”) shiori ostida sanoat sohasini eng yaxshi yoritgan jurnalist, blogerlar va yosh havaskorlar uchun viloyat tanlovini e’lon qiladi.

Tanlovga televideniyeda ko‘rsatilgan, radioda eshittirilgan, ijtimoiy tarmoqlarda chiqarilgan va bosma nashrlarda chop etilgan yakka holda va guruh bo‘lib yaratilgan ijodiy ishlar mualliflari taklif etiladi.

Tanlov talablari:

• ijodiy ishi viloyatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilganligi;

• viloyatimizda sanoat sohasida amalga oshirilayotgan ulkan yaratuvchanlik ishlari jarayonlarini keng yoritilganligi;

• mavzuga chuqur yondashish, haqqoniy tahlil qilish, mustaqil jurnalistik fikr yuritish, voqea-hodisalarga xolis fikr bildirish va jamoatchilik fikrini uyg‘otishga intilganligi;

• sohada fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan zamondoshlarimiz siymosi yaratilganligi.

Talab etiladigan hujjatlar:

• ijodiy ishlarning skaner, elektron va video nusxalari.

• muallifning pasporti nusxasi;

• muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risida ma’lumotnoma (ob’yektivka);

• muallifning manzili va bog‘lanish telefonlari;

Tanlovga 2021 yil 15 iyuldan 30 sentyabrga qadar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ijodiy ishlar va talab etiladigan hujjatlar joriy yilning 30 sentyabrigacha telegrammdagi (97) 933 70 90 telefon raqamiga onlayn tarzda yuborilishi lozim.

G‘oliblar viloyat hokimligi faxriy yorlig‘i va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.