Jomboyning olis qishlog‘i - Sarqipchoqda nima ishlar bo‘lyapti?

Yurtimizdagi ijtimoiy holati og‘ir, yetarli infratuzilmaga ega bo‘lmagan hududlarni “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezoni asosida rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu yil Jomboy tumanidagi Sarqipchoq mahallasi ahli ushbu dastur samarasini o‘z hayoti misolida ko‘rishi mumkin.

Tumanning eng chekka, G‘o‘bdin tog‘i etagida joylashgan va Botbot kanaliga tutash Sarqipchoq mahallasida bugungi kunda yo‘l, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti, aholi bandligi masalalarida bir qator ijtimoiy muammolar mavjud. Bu muammolar tuman darajasida bosqichma-bosqich hal etilayotgan bo‘lsa-da mahallada kompleks dasturni amalga oshirish va odamlar hayotini o‘zgartirish, yig‘ilib qolgan masalalarga bir vaqtda yechim topish zarurati tug‘ildi.

Bugun mahallada Prezident Administratsiyasi, viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, tegishli viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bu ezgu ishlar boshlandi. Mahalla faollari bilan suhbat chog‘ida hududda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar tilga olindi.

Jumladan, mahalladagi 2,5 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al yotqiziladi, markaziy ko‘chalar asfaltlanadi. Ikkita transformator va 1,5 km. elektr uzatish tarmoqlarini mukammal ta’mirlash, 1,1 kilometr uzunlikdagi 10 kVt yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ini rekonstruksiya-modernizatsiya kilish, 20 dona temir beton ustun o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish holati ham o‘rganilib, qo‘shimcha gaz ballonlar tarqatiladi. Mahalladagi ta’lim va tibbiyot muassasalari holati tegishli sohalar mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, joriy va kapital ta’mirlanadi.

Mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti, sport maydonchalari tashkil etiladi. Viloyat va tuman tibbiyot muassasalari shifokorlari jalb etilgan holda aholining barcha qatlami tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Aholining tomorqadan samarali foydalanishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Har bir qishloq, ko‘cha va xonadon bo‘yicha bajariladigan yumushlar respublika va viloyat ishchi guruhi tomonidan uyma-uy o‘rganib chiqiladi. Xatlov natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun mas’ullar belgilanishi ta’kidlandi. Mahallada amalga oshiriladigan barcha ishlarga viloyat to‘rtinchi sektori rahbari mas’ul etib belgilandi.

Mahallada bugunning o‘zida o‘ndan ortiq texnika va yuzdan ziyod ishchi jalb qilingan holda ishlar boshlab yuborildi.