Saudiya Arabistonida ikki askar qatl etildi
Qirollik hukumati ikki harbiy xizmatchini vatanga xiyonatda ayblab qatl qilgan. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi bayonot tarqatgan.
Hujjatga ko‘ra, Saudiya Arabistoni havo kuchlari podpolkovnigi Majed bin Musa Avad al-Balaviy va shtab-serjant Yusuf bin Rida Hasan al-Azuniy 2017 yilda hibsga olinib, o‘lim jazosiga hukm qilingan. Sud har ikki harbiy xizmatchi ham davlatga xiyonat qilish, buyruqni bajarmaslik va “millat manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortish”da aybdor degan xulosaga kelgan.
Ayblanuvchilar sud jarayonida ayblarini tan oldi, deyiladi bayonotda. Qirollik farmoniga muvofiq, hukm kecha Saudiya Arabistoni janubi-g‘arbidagi Toif shahrida o‘tkazilgan.
Saudiya Arabistoni tomonidan e’lon qilingan, xususan, mo‘’tadil islomga qaytish, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kengaytirishni nazarda tutuvchi liberal islohotlarga qaramay, qirollikda o‘lim jazosi muntazam ravishda qo‘llaniladi. Amnesty International inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Saudiya hukumati joriy yilda kamida 100 kishini qatl qilgan. Qirollikda qatllar soni ko‘paymoqda. Mamlakat o‘lim hukmi bo‘yicha dunyoda Xitoy va Erondan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.