Savdo kompleksidagi 36 do‘kon yonib ketdi
Bugun Boysun tumanining “Tuzbozor” mahallasi hududida joylashgan savdo kompleksida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati matuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 5 fevral kuni soat 03:00 lar chamasida Boysun tumanining “Tuzbozor” mahallasi hududida joylashgan “Ibodullo bobo” kichik xususiy korxonasiga qarashli savdo kompleksida yong‘in sodir bo‘lgan.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tezkor boshqaruv markazi xabariga ko‘ra, yong‘in haqida xabar soat 03:00 da tushgan va yong‘in joyiga soat 03:07 da birinchi yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yetib borgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 03:37 da o‘rab olinib, 03:55 da o‘chirilgan.
Jami 253 ta savdo do‘konining 217 tasi, umumiy 1.867 m.kv. maydonning 1267 m.kv. qismi yong‘indan saqlab qolingan. 36 ta savdo do‘koni, umumiy maydonning 600 m.kv. qismi yong‘indan zarar ko‘rgan.
Hozirda yong‘in sababi aniqlanmoqda. Tan jarohati olganlar yo‘q.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.