Saxovat – benazir qadriyat: Muhtoj oilalarga yordam berildi
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining "Saxovat – benazir qadriyat" loyihasi asosida partiya viloyat kengashi tomonidan deputatlar va faollar jalb etilgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslar, bemorlar va yolg‘iz keksalar holidan xabar olinmoqda.
Jumladan, partiya viloyat kengashi rahbarlari va deputatlar Past Darg‘om tumani Po‘latchi mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan Sevara Shermatova holidan xabar oldi. Bolaligidan nogiron bo‘lgan Sevaraning yashash sharoiti, ehtiyojlari o‘rganilib, unga zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Ishtixon tumani Murodobod mahallasidagi I guruh nogironlari Tohir Norbekov hamda Zamira Norbekova bilan suhbat jarayonida ular davolanish va sihatgohda dam olish uchun partiya rahbarlaridan ko‘mak so‘radi. Bu masala ham tegishli idoralar bilan kelishilgan holda ijobiy hal etildi.
– Farzandlarim xastaligi tufayli har uch oyda davolanib turadi, – deydi Samarqand tumani Shalg‘amon mahallasida yashovchi Shoira Mansurova. – Lekin hamma vaqt ham bunga imkon bo‘lmaydi. Xonadonimizga yo‘qlab kelgan “Adolat” partiyasi rahbarlari va deputatimizga shu haqda aytgandim, ular yordam berishlarini aytishdi. Baraka topishsin, ilohim!
– “Saxovat – benazir qadriyat” loyihasi partiyamizning mavsumiy yoki biror sanaga bag‘ishlangan tadbiri emas, doimiy ravishda amalga oshiriladi, – deydi “Adolat” SDP viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Lola Sayidova. – Bunda mahalliy kengashlar va parlamentdagi deputatlarimiz ham faol ishtirok etadi. Nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand yurtdoshlarimizga partiyamiz tomonidan, shuningdek, homiylar jalb qilingan holda imkon qadar yordam ko‘rsatiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, kitoblar beryapmiz. Fuqarolarning murojaatlari asosida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda muammolar hal etilmoqda. Bu sa’y-harakatlar partiyamiz dasturiy maqsadlarida ham o‘z ifodasini topgan, qolaversa bu har birimizning insoniy burchimiz hisoblanadi.